RAQOBAT QO‘MITASI OGOHLANTIRADI
Quruvchi korxonalar bilan iste’molchi o‘rtasida tuzilgan shartnomalar iste’molchining tashabbusi bilan bekor qilinganda quruvchi tomonidan ushlab qolinadigan foizlar qonuniymi?
Joriy yilning yanvar–avgust oylarida Raqobat qo‘mitasiga ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi va xaridlari bo‘yicha 1000 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularda asosan qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnoma shartlarining buzilishi — yangi uy-joylarni o‘z vaqtida topshirmaslik, shartnomada belgilangan talablarni bajarmaslik, reklama va e’lonlarda ko‘rsatilgan loyihalarga amal qilmaslik kabi holatlar bayon etilgan.
Shuningdek, murojaatlarni o‘rganish jarayonida ayrim qurilish korxonalari shartnomalarga qonunchilikka zid bandlar kiritayotgani ham aniqlandi. Xususan, shartnoma shartlarida “agar iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti iste’molchi tomonidan to‘langan mablag‘ning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga ega” deb belgilangan holatlar ko‘plab kuzatilmoqda.
Amalda esa bunday talablar qonun normalariga zid hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksining
385-moddasida shartnoma bekor qilinganda faqat ikkinchi tarafga aniq zarar yetkazilgan taqdirdagina uni qoplash mumkinligi belgilangan.
14-moddada “zarar” tushunchasi haqiqiy zarar va boy berilgan foyda sifatida ko‘rsatilgan bo‘lib, amalda iste’molchi shartnomani bekor qilganda qurilish tashkilotiga zarar yetmaydi. Chunki ko‘p qavatli uylar tipik loyiha asosida quriladi va qurilish tashkilotlari bunday obyektlarni osonlikcha boshqa xaridorga sotishi mumkin. Bundan tashqari, uylarga talab yuqori va narxlar yildan yilga ortib borayotgani qurilish tashkilotlari ko‘p hollarda foyda ko‘rishini ta’minlaydi.
Kodeksining 260-moddasida ham neustoyka (jarima, penya) qarzdor o‘z majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollardagina qo‘llanishi mumkinligi belgilangan. Aksariyat hollarda esa iste’molchi o‘z to‘lov majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarib bo‘ladi, qurilish tashkiloti esa uyni topshirmagunga qadar qarzdor maqomida qoladi.
Shu bois, iste’molchining tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda undan jarima undirish qonunga zid hisoblanadi.
Bu holat “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning
21-moddasiga ko‘ra, iste’molchi huquqlarini cheklovchi va qonunga zid bo‘lgan shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi,
23-moddasida esa iste’molchining ustuvor huquqi kafolatlangan.
Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasida tadbirkorlik subyektlari raqobat va iste’molchilar huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka amal qilishi shartligi belgilangan.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib Raqobat qo‘mitasi ogohlantiradi.
HURMATLI FUQAROLAR:
📃 Yangi qurilayotgan uy-joydan xonadon xarid qilishda shartnoma tuzishdan oldin uning barcha shartlari bilan atroflicha tanishib chiqishingiz juda muhim. Agar huquqiy bilimingiz yetarli bo‘lmasa, malakali yurist yoki advokat xizmatidan foydalanish orqali shartnoma mazmunini to‘liq o‘rganib chiqishingiz tavsiya etiladi.
📃 Shuningdek, agar tuzilgan shartnomada qonunchilik normalariga zid bo‘lgan talablar yoki iste’molchi huquqlarini cheklovchi bandlar aniqlansa, ushbu holat yuzasidan belgilangan tartibda sud organlariga yoki vakolatli davlat idoralariga murojaat qilishingiz mumkin. Bu orqali siz o‘zingizning qonuniy huquq va manfaatlaringizni himoya qilish imkoniyatiga egasiz.
Ma’lumot uchun: Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan ishlar natijasida, 8 nafar iste’molchining qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalari bekor qilinib, asossiz ravishda jarima qo‘llanishining oldi olindi hamda fuqarolarga 1,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarilishi ta’minlandi.