Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni ogohlikka chaqiradi:
Raqobat qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilib keladi. Shu maqsadda oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha muntazam nazorat xaridlari amalga oshirilmoqda.
Nazorat natijalari:
🔘2023-yilda o‘tkazilgan 397 ta nazorat xarididan 24 tasi sifatsiz deb topilgan;
🔘2024-yilda 560 ta xariddan 95 tasi sifatsizligi aniqlangan;
🔘2025-yilda 618 ta xariddan 123 tasi talabga javob bermagan.
Shuningdek, hozirga qadar Qo‘mitaga oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha 2 345 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Shulardan 337 tasi (14 foizi) biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalariga taalluqlidir.
Murojaatlarning aksariyati fuqarolarning telekanallar, radio va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarga ishonib, biologik faol qo‘shimchalarni xarid qilgani, biroq ularning kutilgan natijani bermagani yoki sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatgani bilan bog‘liqdir.
Ma’lumot uchun: Biologik faol qo‘shimchalar (BAQ) dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan. Ular faqat organizm faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yoki ayrim kasalliklarning oldini olish (profilaktika) maqsadida qo‘llanilishi mumkin. Shuning uchun, har qanday qo‘shimchani iste’mol qilishdan avval shifokor bilan maslahatlashish shart.
Shuning uchun, iste’molchilar e’tiboriga:
🟠Biologik faol qo‘shimchalarni “dori” sifatida taqdim etayotgan reklamalarga ishonmang;
🟠“Barcha kasalliklarni 1 oyda davolaydi” kabi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va’dalar — aldov reklamalardir;
🟠Faqatgina Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan, rasmiy sertifikati mavjud mahsulotlardan foydalaning.
Esda tuting: sog‘lig‘ingiz — eng katta boyligingiz. Reklamaga emas, haqiqiy tibbiy ma’lumotga ishoning!








