O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi hamda Fransiyaning Tuluza Iqtisodiyot maktabi o‘rtasida ikki tomonlama muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘z tashkilotlari faoliyati, erishilgan ilmiy natijalar va kelgusi yil uchun ustuvor loyihalar haqida fikr almashdilar. Hamkorlikni kuchaytirish maqsadida, iqtisodiyot va raqobat sohasida iqticodiy tahlillarga asoslangan qo‘shma tadqiqot loyihalari, shuningdek, ilmiy bilimlarni keng jamoatchilikka yetkazish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini mustahkamlash masalalari ham belgilab olindi.
Shuningdek, Tuluza Iqtisodiyot maktabi ekspertlari bilan hamkorlikda ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlariga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash va kelgusi narx tendensiyalarini prognozlash bo‘yicha ekonometrik tahlillar olib borish yuzasidan kelishuvga erishildi. Ekonometrik tahlillar doirasida aholining real ehtiyojlari, importning chakana narxlarga ta’siri, valyuta kursi tebranishlari, global ta’minot zanjirlaridagi o‘zgarishlar hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti kutilmalarini inobatga olgan holda ichki va tashqi shoklarni baholash ko‘zda tutilgan.
Tuluza Iqtisodiyot maktabi iqtisodiyot va davlat siyosati sohasida dunyo miqyosidagi yetakchi ilmiy-tadqiqot va ta’lim markazlaridan biri hisoblanadi. Ushbu oliygoh Fransiyaning eng yaxshi universitetlari TOP-3 taligiga kiradi va iqtisodiy fanlar bo‘yicha dunyodagi eng samarali ilmiy markazlar orasida 10 o‘rinni egallaydi.








