Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi hamda Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandum raqamli transformatsiya sharoitida raqobat muhitini rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda davlat boshqaruvida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish sohalaridagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishni maqsad qiladi.
Memorandum doirasidagi asosiy yo‘nalishlar:
✅ Raqobat muhitini tahlil qilish va raqamli platformalarni joriy etish
✅ Big Data va AI orqali davlat xaridlarini monitoring qilish
✅ Iste’molchilar shikoyatlari bilan ishlash jarayonlarini avtomatlashtirish
✅ Axborot-ma’rifiy kampaniyalar orqali aholi xabardorligini oshirish
✅ Qo‘shma tadqiqotlar, metodik tavsiyalar, seminarlar va forumlar o‘tkazish
✅ Raqobat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi malakani oshirish
Shuningdek, Memorandum doirasida raqamli bozorlarni tahlil qilish, shaffoflikni ta’minlash va raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Uchrashuv yakunida Tadqiqotlar markazi direktori Olimjon Jumayev Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Anvar Mansurov bilan hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu kelishuv raqobat siyosati va raqamli transformatsiya sohalaridagi amaliy hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.