Raqobat qo‘mitasi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining raqobatga ta’sirini raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari doirasida “ex-ante” usulida — normativ-huquqiy hujjat loyihasining raqobatga ta’siri hamda “ex-post” usulida — amaldagi normativ-huquqiy hujjatning raqobatga ta’siri baholab kelinmoqda.
Qonunchilik hujjatlarini “ex-ante” usulida raqobatga ta’sirini baholash bo‘yicha 2023–yil davomida 614 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, shundan 22 tasi mahalliy hokimlik organlari va qolgan 589 tasi vazirlik va idoralar tomonidan kiritilgan loyihalarning raqobatga ta’siri belgilangan tartibda baholashdan o‘tkazildi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining raqobatga ta’sirini baholash natijalariga ko‘ra, 285 ta (47 foiz) (mahalliy hokimlik organlari 9 ta holatda, vazirlik va idoralar 276 ta loyihalarida) loyihada raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi normalar mavjudligi aniqlanib, tegishli taklif va e’tirozlar bildirildi.
Jumladan, mazkur loyihalarda quyidagi normalar aniqlanib, ularning ta’siri raqobat uchun salbiy deb baholangan:
– davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini istisno qilgan holda, tovar ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish;
– tovar yoki moliya bozorining alohida ishtirokchilariga raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi davlat tomonidan soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida davlat yordamini berish;
– tovar yoki moliya bozori ishtirokchilariga ularning bozorga kirishiga to‘sqinlik qiladigan, shuningdek qiyinchilik tug‘diruvchi yangi talablarni belgilash;
– yetkazib beruvchilarning doirasi va sonini cheklashga olib keluvchi va boshqalar.
Shuningdek, qonunchilik hujjatlarini “ex-post” usulida raqobatga ta’sirini baholash bo‘yicha 2023–yil davomida 170 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarning (12 ta Qonun hujjatlari, 54 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlari hamda 84 ta Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari) raqobatga ta’siri belgilangan tartibda baholashdan o‘tkazildi.
Natijada, normativ-huquqiy hujjatlar bilan berilgan eksklyuziv huquqlari mavjud 50 dan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektlar belgilangan tartibda Eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning reyestriga kiritildi.
Teng raqobat muhitini ta’minlash maqsadida ushbu reyestrga kiritilgan 8 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarga taqdim etilgan eksklyuziv huquqlarni bekor qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorning rolini yanada oshirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Hukumatga kiritildi.
Shuningdek, Qo‘mita va uning hududiy organlari tomonidan respublika bo‘yicha 178 ta mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda 41 ta davlat boshqaruv organlarining qabul qilgan hujjatlarini raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, 717 ta holatda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga zid ravishda hujjatlar qabul qilinganlik holatlari aniqlandi.
Tuman va shahar hokimliklarida o‘tkazilgan o‘rganishlar hududlar bo‘yicha tahlil qilinganda yuqori ko‘rsatkichlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi 127 ta, viloyatlardan Xorazmda 106 ta, Jizzaxda 94 ta, Samarqandda 86 ta, Qashqadaryoda 53 ta va Buxoroda 42 ta holatda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga zid ravishda hujjatlar qabul qilinganligi aniqlandi va ular Qo‘mitaning ko‘rsatmalariga muvofiq bekor qilinmoqda.
Misol uchun:
a) Namangan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining Namangan shahar va tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlariga jo‘natilgan xatlari bilan “UZGERMED PHARM”, “SAMO”, “FAZO LUXE” va “ZUMA PHARMA” MChJlarning murojaatlariga asosan jamiyatlar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini amaldagi tartibga asosan sotib olish ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur raqobatni cheklashga olib keladigan holat bo‘yicha Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Ishni ko‘rib chiqish yakuni bilan qonun buzilish holatini bartaraf etish bo‘yicha Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasiga asosan, ushbu holat bartaraf etilgan.
b) Nukus shahar hokimligining tegishli xati bilan Dosnazarov ko‘chasida joylashgan binoni oldi-sotdisi bo‘yicha “Oxus Filtration” MChJ bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishi mumkinligi bildirilgan. Mazkur holat bo‘yicha Qo‘mita tomonidan tegishli tartibda Nukus shahar hokimligiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Mazkur raqobatni cheklashga olib keladigan holat Qo‘mitaning ko‘rsatmasiga asosan bartaraf etilgan.