Raqobat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Sirdaryo viloyati “Toza hudud” davlat unitar korxonasining 2023 va 2024-yilning 1-yarim yilligida maishiy chiqindi tashish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari olib borildi.
O‘rganish va tahlillarda mazkur “Toza hudud” DUKning tuman-shahar filiallari tomonidan maishiy chiqindi tashish xizmatining MFY kesimida belgilangan jadval asosida xizmat ko‘rsatmayotganligi, buning natijasida aholidan ortiqcha mablag‘lar olinganlik holatlari aniqlandi.
Jumladan, “Toza hudud” DUK Guliston tuman filiali tomonidan tumandagi 3 ta MFYda 9 158 nafar aholidan ko‘rsatilmagan xizmat uchun jami 46,1 mln so‘m ortiqcha to‘lovlar hisoblanganligi ma’lum bo‘ldi.
Xuddi shu kabi quyidagi hududlarda ham ortiqcha mablag‘lar olingan holatlar ma’lum bo‘ldi:
12 ta MFYda(Oqoltin tumanida 32 329 nafar aholi) – 76,9 mln so‘m; 9 ta MFYda (Boyovut tumanida 27 949 nafar aholi) – 95,6 mln so‘m; 9 ta MFYda (Xovos tumanida 17 307 nafar aholi) – 73,1 mln so‘m; 7 ta MFYda (Sirdaryo tumanida 19 833 nafar aholi) – 67,3 mln so‘m; 3 ta MFYda (Yangiyer shahrida 14 464 nafar aholi) – 86,3 mln so‘m; 3 ta MFYda (Sardoba tumanida 8 984 nafar aholi) – 5,2 mln so‘m; 3 ta MFYda (Shirin shahrida 7 620 nafar aholi) – 33,2 mln so‘m; 1 ta MFYda (Mirzaobod tumanida 4 148 nafar aholi) – 31,1 mln so‘m; 1 ta MFYda (Sayxunobod tumanida 3 069 nafar aholi) – 13,6 mln so‘m;
Umumiy hisob-kitoblarga ko‘ra “Toza hudud” tomonidan jami 51 ta MFYda 144 861 nafar iste’molchiga nisbatan 528,6 mln so‘m miqdorida ortiqcha to‘lovlar hisoblaganligi aniqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Toza hudud” DUKka nisbatan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasi Sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas) talablari buzilganligi yuzasidan, tegishli tartibda ish qo‘zg‘atildi, ishni ko‘rib chiqish natijasida 144 861 nafar iste’molchi foydasiga 528,6 mln so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.