Qonun buzilish holatlari yuzasidan “Maksimum sement” MChJga tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi
Raqobat qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Karakalpak sement” MChJ o‘zining tovar belgisidan boshqa bir korxona (“Maksimum sement” MChJ) ruxsatsiz foydalanganidan norozi bo‘lib qilgan murojaati belgilangan tartibda o‘rganib chiqildi.
Mazkur o‘rganishlar davomida: “Maksimum sement” MChJ haqiqatdan ham “Karakalpak sement” MChJga tegishli tovar belgisidan foydalangani va bu holat “Karakalpak sement” MChJning obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani;
Shuningdek, “Maksimum sement” MChJ 2025-yil iyun oyida 50 kg deb qadoqlangan sement mahsulotini aslida 48 kg qilib vaznlab sotgan. Bu esa iste’molchilarni aldash va ulardan asossiz ravishda pul olish holati sifatida baholanib, umumiy hisobda 1 million 560 ming so‘m miqdorida ortiqcha daromad olganligi aniqlangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Maksimum sement” MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, “Raqobat to‘g‘risida” hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlarning talablari buzilgan deb topildi. Ishni ko‘rib chiqish yakuni yuzasidan iste’molchilardan ortiqcha olingan 1 560,0 ming so‘m pul mablag‘i belgilangan tartibda qaytarilishi hamda korxonaga tegishli tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.