Qoʻmitaning Tovar, moliya va raqamli bozorlarni tahlil qilish va tartibga solish boshqarmasi tomonidan 2022-yil va 2023-yil 1-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar hamda joriy yilga moʻljallangan vazifalarga toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Hisobot davrida, bozorlarda raqobat muhitini baholash, isteʼmolchilarning tanlov imkoniyatlarini oshirish va ushbu tovar bozoridagi tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni taʼminlash maqsadida jami 320 dan ortiq tovar va xizmatlar bozorlari tahlil qilindi. Shundan, 250 dan ortiq ichki bozorning mahalliy mahsulotlar bilan toʻyinganlik darajasi yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi. Oʻrganish natijasida 125 ta tovar bozorining toʻyinganlik darajasi pastligi (toʻyinmagani) maʼlum boʻldi.
70 dan ortiq bozorlarda, jumladan, sement, mineral oʻgʻit ishlab chiqarish bozorlari, sugʻurta xizmatlari, fiskal maʼlumotlarni soliq tizimi bilan integratsiya qilish xizmatlari, qoʻriqlash xizmatlari, hamda tabiiy monopoliya subyektlariga xizmat koʻrsatish bozorlarida raqobat muhiti holati yuzasidan tahlillar oʻtkazildi.
Natijada 18 ta tovar va moliya bozorlarida raqobat rivojlanganligi hamda monopoliya holatidan chiqqanligi, shu bilan birga 8 ta bozor esa monopollashganligi aniqlandi.
Mazkur tahlillar jarayonida, tadbirkorlik subyektlari bilan 11 ta, xalqaro ekspertlar bilan 7 ta, soha regulyatorlari bilan 12 ta maslahat uchrashuvlari va muhokamalar tashkil qilinib, 2 ta soʻrovnomalar oʻtkazildi.
Shuningdek, 19 ta bozorlarda raqobat muhitini rivojlantirish yuzasidan tegishli takliflar Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdolar vazirligi, Moliya vazirligiga taqdim etildi.
Boshqarma tomonidan raqamli iqtisodiyotni monopoliyaga qarshi tartibga solish uslubiyotini oʻz ichiga olgan Tovar, moliya va raqamli bozorlardagi raqobat muhitining holatini tahlil qilish (kuzatish) va baholash boʻyicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi va Qoʻmitaning buyrugʻi bilan tasdiqlandi.
Shuningdek, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlariga taʼsir etuvchi omillar yuzasidan dastlabki tahlil oʻtkazildi, shu jumladan, asosiy oziq–ovqat mahsulotlari importi bozoridagi konsentratsiya holati yuzasidan maʼlumot, shuningdek oziq–ovqat bozorlarida davlat intervensiyasini amalga oshirish mexanizmini takomillashtirish va inflyatsiya darajasini belgilangan prognoz koʻrsatkichlar barqarorligini saqlash boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yuborildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda neft-gaz, maishiy texnika, qurilish va yoʻl qurilish texnikalari ishlab chiqarish, arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish xizmatlari, taksi agregatorlari (Yandex taxi), temir yoʻllari sohasidagi turli xizmatlar bozorlarida raqobat muhiti holatini baholash ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, amaldagi raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadida, Tovar va moliya bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining, raqamli platforma operatorining ustun mavqeiyni aniqlash va eʼtirof etish tartibini loyihasi ishlab chiqilmoqda.