Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xodimlari uchun «Fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlari» mavzusida psixologik seminar-trening o‘tkazildi.
Treningda yuridik fanlari doktori, professor, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Feruza Muhiddinova jamoa xodimlari uchun joriy yilning 30-aprelidan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “Mehnat kodeksi” va uning mazmun-mohiyati haqida tushunchalar berib o‘tdi. Shuningdek, jamoaviy va oilaviy munosabatlarni mustahkamlash yuzasidan qimmatli ma’lumotlar berdi.
Ma’lumki, yangi tahrirdagi 581-moddadan iborat Mehnat kodeksida mehnat shartnomasi, mehnat huquqlari va erkinligi, mehnat huquqlari ta’minlanishi va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi, muddatli mehnat shartnomasi, xodim va ish beruvchi, mehnat vazifasi va unga to‘lanadigan haq, ish va dam olish vaqtlari bo‘yicha tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan.
Xususan, har bir xodim ishga qabul qilinish jarayonida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzadi. Mazkur shartnomada ikki tomonning huquq va majburiyatlari aks etadi. Shartnomaga amal qilish esa faoliyatda yaxshi samara beradi.
Asosiysi, mehnat jamoasining shakllangani va ahillikda ish yuritishi hal qiluvchi omil hisoblanadi. Bu esa o‘z o‘rnida idora yoki tashkilotni yuqori cho‘qqilarga olib chiqishi tabiiy.
Tadbir davomida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini bildirishdi va qiziqtirgan savollariga to‘liq javob olishdi.