Maʼlumki, Respublikamizda 2022-yil hosilidan 7,8 mln tonna bugʻdoy yetishtirish rejalashtirilgan boʻlib, iyun-iyul oylarida 7,2 mln tonna (92 foiz) bugʻdoy hosili yigʻib olingan. Shuningdek 1-iyundan boshlab un mahsulotlarini ham birja orqali bozor tamoyillari asosida sotish belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-maydagi 120-son yigʻilish bayoniga asosan joriy yil 1-iyundan boshlab, un mahsuloti realizatsiya qilinishining bozor tamoyillariga asoslangan mexanizmi joriy qilinib, bu jarayonda shaffof tizim yaratish maqsadida un mahsulotini birja savdolari orqali sotilishi belgilangan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-maydagi PQ-262-son qaroriga muvofiq birja savdolarida bugʻdoy xarid qilgan xoʻjalik yurituvchi subektlar tomonidan ishlab chiqarilgan un mahsulotini grafik asosida birja savdolariga chiqarilishini taʼminlashi, oʻz vaqtida grafiklarni taqdim etmagan va un mahsulotini belgilangan muddatda birja savdolariga qoʻymagan xoʻjalik yurituvchi subyektlar bugʻdoy xaridi boʻyicha birja savdolarida ishtirok etishni cheklash haqida ogohlantirilishi, ogohlantirishdan keyin ham mazkur kamchiliklarni bir ish kuni davomida bartaraf etmagan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni keyingi kun birja savdolaridan chetlatish belgilangan.
Shu bilan birga, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga birjadan xarid qilingan 3 va undan yuqori sinflardagi bugʻdoydan chiqqan unni birja savdolari orqali sotish majburiyatini bajarmagan xoʻjalik yurituvchi subektlarni bugʻdoy boʻyicha birja savdolarida ishtirok etishini cheklash boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi” AJga koʻrsatma berish vakolati berilgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar davomida 6 ta korxona tomonidan un mahsulotini birja savdolariga qoʻyish boʻyicha grafiklar taqdim etilmaganligi, 16 ta korxona tomonidan normaga nisbatan kam hajmda grafik tasdiqlanganligi va 2 ta korxona tomonidan grafik umuman bajarilmaganligi aniqlandi.
Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi” AJga koʻrsatma bergan holda joriy yil iyul oyida un mahsulotini birja savdolariga chiqarmagan 5 ta xususiy korxonani bugʻdoy xarid qilish boʻyicha birja savdolaridan chetlashtirildi.