QO‘MITA KO‘RSATMASINING QONUNIYLIGI SUD TOMONIDAN TASDIQLANDI
Raqobat qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan hududda faoliyat yuritayotgan mikromoliya tashkilotlari faoliyati “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida, Toyloq tumanida faoliyat olib boruvchi “HAMROH MIKROMOLIYA TASHKILOTI” MChJga tegishli bo‘lgan xizmat ko‘rsatish binosining oldi va tom qismlariga tashqi reklama konstruksiyalarini hech qanday hujjatlarsiz o‘rnatganlik holatlari aniqlandi.
Yuqoridagi holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi 104-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “HAMROH MIKROMOLIYA TASHKILOTI” MChJga aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Biroq, “HAMROH MIKROMOLIYA TASHKILOTI” MChJ ushbu ko‘rsatmadan norozi bo‘lib, sud instansiyasi tartibida murojaat qildi, ish yakunida sud qarori bilan da’vo qanoatlantirilmasdan hududiy boshqarmaning ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirildi.







