Maʼlumki, Vengriyaning “CHINOIN Gyogyszer es Vegyeszeti Termekek Gyara Zrt.” kompaniyasi dori vositalarini ishlab chiqaruvchi dunyoga mashhur “SANOFI” xolding kompaniyasi tarkibiga kiradi. “CHINOIN Gyogyszer es Vegyeszeti Termekek Gyara Zrt.” kompaniyasi 1996-yilda xalqaro roʻyxatdan oʻtgan “NO-SHPA/NO-SPA” va ushbu dori vositasi qutisi koʻrinishidagi tovar belgilarining huquqiy egasi hisoblanadi. Ushbu tovar belgilari Oʻzbekiston hududida ham belgilangan tartibda himoyaga ega.
Namangan viloyatida joylashgan va 2010-yilda yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan “MERRYMED FARM” MCHJ ham dori vositalarini ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanadi va mazkur tovar bozorida Vengriyaning “CHINOIN Gyogyszer es Vegyeszeti Termekek Gyara Zrt.” kompaniyasi bilan raqobatchi hisoblanadi.
Soʻngi paytlarda “MERRYMED FARM” MCHJ tomonidan bir qator nufuzli va taniqli dori ishlab chiqaruvchilarning dunyoga mashhur brendlarini qalbakilashtirish holatlariga yoʻl qoʻyila boshlandi. Masalan, korxona tomonidan ishlab chiqarilgan “NOSH-PEN MR/NOSH-PEN MR” dori vositasi nomidagi “NOSH-PEN/NOSH-PEN” soʻzlari va dori qutisining rang-grafik yechimi “CHINOIN Gyogyszer es Vegyeszeti Termekek Gyara Zrt.” kompaniyasining yuqorida keltirilgan tovar belgilari bilan fonetik va grafik jihatdan adashtirib yuborish darajasida oʻxshashlikka olib kelgan va bu holat isteʼmolchida shu dori vositalari bitta ishlab chiqaruvchiga qarashli degan tasavvur paydo boʻlishiga imkon yaratgan.
Maxsus komissiyaning 16.02.2021-yildagi qaroriga koʻra, “MERRYMED FARM” MCHJ “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning 13-moddasi birinchi qismi uchinchi xatboshisi buzilgan deb topgan va jamiyatga ushbu qonunbuzilish holatini bartaraf etish yuzasidan aniq koʻrsatma berilgan. Biroq “MERRYMED FARM” MCHJ koʻrsatma talablarini bajarmagan va koʻrsatmaning birinchi bandidagi “NOSH-PEN MR/NOSH-PEN MR” dori vositasining foydalanilgan va foydalanilmagan qutilarini hamda blisterlarini yoʻq qilish talabi ustidan sudga murojaat qilgan.
Shu bilan birga, “MERRYMED FARM” MCHJ koʻrsatmaning qolgan talablarini, yaʼni “NOSH-PEN MR/NOSH-PEN MR” dori nomidagi “NOSH-PEN/NOSH-PEN” belgisini va ushbu dori vositasi qutisining rang-grafik yechimini oʻzgartirish yuzasidan qoʻyilgan talablarni ham ijro qilmay kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasiga asosan monopoliyaga qarshi organ oʻz koʻrsatmalari ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilab qoʻyilgan.
Yuqoridagi vakolatga asosan, qoʻmita tomonidan “MERRYMED FARM” MCHJdan bir necha bor ushbu talablarni bajarishi soʻralgan, biroq korxona har safar koʻrsatma talabi ijrosidan qochib, fuqarolik muomalasida boʻlgan dori vositalarini koʻproq sotilib ketishiga sharoit yaratish uchun vaqtdan yutish maqsadida turli koʻrinishdagi asossiz javoblarni taqdim qila boshlagan.
Masalan, koʻrsatma sudda koʻrilayotganligi sababli uni ijro qilinmasligi. Bu holatda Qoʻmita tomonidan korxonaga, sudda koʻrsatmaning bitta bandi koʻrilayotganligi, bu esa uning boshqa bandlarini ijro qilinishiga toʻsiq boʻla olmasligi tushuntirilgan.
Yoki “MERRYMED FARM” MCHJ tomonidan dori vositasi nomini “MER NOSH-PEN/NOSH-PEN MER” koʻrinishida roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot taqdim qilinishi. Bu holatda ham Qoʻmita tomonidan oʻzgartirish dori vositasi nomining faqat “MR/MR” qismida “MER/MER” koʻrinishida amalga oshirilganligi, koʻrsatmada koʻrsatilgan “NOSH-PEN/NOSH-PEN” qismi esa oʻzgarishsiz qolganligi, bundan tashqari, dori vositalari qutilarini rang-grafik yechimini oʻzgartirish boʻyicha ham hech qanday ish amalga oshirilmaganligi tushuntirilgan.
Biroq, “MERRYMED FARM” MCHJ tomonidan yuqorida koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilmagan va Qoʻmita koʻrsatmasi ham, xatlari ham ijrosiz qolgan.
“MERRYMED FARM” MCHJning bu harakatlari Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 178-moddasi birinchi qismidagi, yaʼni monopoliyaga qarshi organga va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qiluvchi organlarga axborot taqdim etmaslik yoki oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoxud ularga bila turib haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni taqdim etish va uchinchi qismidagi, yaʼni monopoliyaga qarshi organning qoidabuzarliklarni tugatish toʻgʻrisidagi, dastlabki holatni tiklash haqidagi, isteʼmolchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini bajarishdan boʻyin tovlash, oʻz vaqtida bajarilmagan deb topilgan.
Natijada “MERRYMED FARM” MCHJ masʼul xodimiga belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortilgan va unga Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining 16.10.2021-yildagi qaroriga asosan jarimaga tortilgan.
Qoʻmitaning navbatdagi soʻrov xatiga “MERRYMED FARM” MCHJ “NOSH-PEN MR/NOSH-PEN MR” va “MER NOSH-PEN/NOSH-PEN MER” nomli dori vositalarini ishlab chiqarmayotganligini, “MERNOSPEN/MERNOSPEN” koʻrinishidagi tovar belgisi belgilangan tartibda Intellektual mulk agentligida roʻyxatga olinganligini maʼlum qilgan. Bugungi kunda “CHINOIN Gyogyszer es Vegyeszeti Termekek Gyara Zrt.” kompaniyasi eʼtirozi yoʻqligini maʼlum qilgan.
Monopoliyaga qarshi organ koʻrsatmasining ijrosi va qonun ustuvorligi taʼminlandi.