Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasiga tushgan murojaatlar asosida Farg‘ona viloyati “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasi bilan hamkorlikda maishiy iste’molchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hamda ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlarda isitish mavsumi davomida ko‘p qavatli uylarga issiqlik ta’minotini yetkazib beruvchi markaziy tarmoqlarning isitish qozonxonalarida avariya holatlari (ta’minot uzilishi) sodir bo‘lgan vaqtlarda hamda tabiiy gaz bosimi pastligi va boshqa asosli sabablarga ko‘ra, aholi xonadonlariga yetarli darajada issiqlik ta’minoti yetkazib berilmaganligi, shuningdek, ta’minotchi korxona bilan tuzilgan shartnomalarning tegishli bandlariga asosan qayta hisob-kitoblar amalga oshirilganda 6146 nafar iste’molchining xonadonlariga 4 mlrd 173 mln so‘mdan ortiq noreal debitor qarzdorliklar hisoblanganligi aniqlandi. O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas. Yuqoridagilarga ko‘ra, ishni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan mazkur holat yuzasidan viloyat “Icsiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasiga iste’molchilarga hisoblangan 4 mlrd 173 mln so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlikni bekor qilish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida ta’minotchi korxona tomonidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan qarzdorliklar bekor qilindi.
Ushbu yangilik bilan boʻlishish