Qo‘mita ko‘rsatmasi asosida “Toshkent-Xatirchi” yo‘nalishida ortiqcha undirilgan 710 mln so‘m chipta pullarini iste’molchilarga qaytarish choralari ko‘rilmoqda
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Qo‘mitaga kiritilgan hujjatlarga muvofiq fuqaro O‘.Ch.dan “Toshkent-Xatirchi” yo‘nalishida avtobusda yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi korxona tomonidan yo‘lkira uchun ortiqcha haq undirganligi holati aniqlangani bildirilgan.
Qo‘mita iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida 2022-yilning 22-avgustidan 2025-yilning 31-martigacha bo‘lgan davrda mazkur jamiyatga tegishli avtobuslarning “Toshkent-Xatirchi” yo‘nalishini o‘rganib chiqdi.
O‘rganishlarda aholiga chipta sotishda qonun talablariga zid ravishda, ya’ni chipta sotish jarayonida qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistash va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish alomatlari aniqlanib, o‘rganilgan davrda amalga oshirilgan qatnov bo‘yicha 74 419 ta yo‘lovchiga sotilgan chiptalar uchun 710 mln so‘m ortiqcha haq undirish ehtimoli mavjudligi aniqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Maxsus komissiya tomonidan belgilangan tartiblarga muvofiq ish qo‘zg‘atilib, «Hunarmand» MChJga ortiqcha olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Ma’lumot o‘rnida. Qo‘mita va uning hududiy tuzilmalariga 2024-yil va 2025-yilning o‘tgan 7 oyi davomida transport sohasida fuqarolardan jami 1 050 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, qariyb 1,4 mlrd so‘mga yaqin mablag‘lar ularning foydasiga qayta hisob-kitob qilinish choralari ko‘rildi.