FUQARODAN SAVOL:
- Qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari savdoga qanday tayyorlanadi? Sotuvchi iste’molchiga qanday ma’lumotlarni taqdim etishi lozim?
MUTAXASSIS JAVOBI:
Abdurahmon RAUPOV,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i.
– Qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlar savdo zaliga qo‘yilishidan avval sotuvdan oldin tayyorgarlikdan o‘tishi zarur. Bu jarayon buyumlarni ko‘zdan kechirish va saralash, davlat asillik darajasi tamg‘asining izi yoki ishlab chiqaruvchi mustaqil ravishda qo‘ygan belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisining (O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan buyumlar uchun) va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asinining izi, plomba va yorliqlarning saqlangani, o‘lchamlari bo‘yicha saralanganligini tekshirishni o‘z ichiga oladi.
Ishlab chiqaruvchilarning rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan shaxsiy tamg‘alari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Davlat asillik darajasini belgilash palatasi tomonidan erkin foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasining ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtiriladi.
Sotuvchi xaridorga malakali yordam ko‘rsatishi va qimmatbaho metallar hamda qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni tanlashda, yaxshi saqlashda zarur maslahat bilan ta’minlashi, xaridorni sotuvdagi mavjud namunalar bilan tanishtirishi kerak.
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan bezaklar alohida o‘rab joylangan bo‘lishi kerak.
Sotuvchi xaridorga sotib olgan tovarni berishda unda davlat asillik darajasi tamg‘asining izi yoki ishlab chiqaruvchi mustaqil ravishda qo‘ygan belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisining (O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan buyumlar uchun) va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asinining izi, shuningdek, qirrali qimmatbaho toshlar uchun sertifikatni tekshirishi hamda bular haqida xaridorni xabardor qiladi.
Sotuvchi xaridorning talabiga binoan sotib olingan qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni o‘lchashda xatoligi 0,01 grammdan oshmaydigan tarozilarda uning ishtirokida o‘lchaydi.
Sotuvchi xaridorning talabi bo‘yicha ishlab chiqaruvchilarning rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan shaxsiy tamg‘alari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim qilishi shart.
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlar almashtirilmaydi va qaytarib olinmaydi, ularda sotib olungunga qadar sotuvchi tomonidan qayd qilinmagan nuqsonlar (zirakka toshlar, ilgaklarning, bilakuzukka sharnirli birikmalarning bo‘sh mahkamlangani, yoriqlar, singan, tirnalgan joylar, g‘udurlar va boshqa nuqsonlar) aniqlangan, davlat asillik darajasi tamg‘asi yoki belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisi izining zargarlik qotishmasining haqiqiy asillik darajasiga, buyum xususiyatining plombalangan yorliq ma’lumotlariga mos kelmagan holatlar bundan mustasno.
Sotilgan buyumlar, gardishga solinmagan qimmatbaho toshlar va qayta ishlov berilgan yarim qimmatbaho toshlar uchun xaridorga kassa cheki beriladi.
Qirrali qimmatbaho (0,3 karatdan ortiq) toshlar almashtirilishi va qaytarilishi mumkin emas.
MANBA: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 13.02.2003-yildagi 75-son “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori.