Iste’molchilar xarid qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari haqida to‘liq va aniq ma’lumotga ega bo‘lishi shart. Shu maqsadda, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda respublika bo‘yicha mahsulotlarning qonunchilik talablariga muvofiqligini o‘rgandi.
📊 Tahlil natijalari:
Umumiy 298 ta mahsulot tekshirilib, ulardan 143 tasi sut mahsulotlari (qaymoq, smetana, kefir, yogurt, tvorog), 30 tasi muzqaymoq, 70 tasi go‘sht mahsulotlari (sosiska va kolbasa), 55 tasi non va bulochka mahsulotlaridir.
Tekshiruvlar davomida qator qonunbuzarliklar aniqlandi:
🔺 53,7% mahsulotlarda – texnik reglament va standartlar ko‘rsatilmagan;
🔺 26,0% mahsulotlarda – ishlab chiqarilgan sana yozilmagan;
🔺 11,8% mahsulotlarda – amal qilish muddati ko‘rsatilmagan;
🔺 11,1% mahsulotlarda – saqlash shartlari to‘g‘risida ma’lumot yo‘q;
🔺 3,7% mahsulotlarda – ishlab chiqaruvchi nomi va manzili ko‘rsatilmagan.
🔺 0,7% mahsulotlarda – mahsulotning savdo nomi ko‘rsatilmagan.
Misol uchun:
🥛Sut mahsulotlari:
– “PURE MILKY WORKS” XK (Samarqand) ishlab chiqarayotgan sut va sut mahsulotlarida texnik reglament va partiya raqami ko‘rsatilmagan.
– “KAMALAK MILK” OK (Farg‘ona) tomonidan ishlab chiqarilgan “Raduga” smetanasida texnik reglament va partiya raqami ko‘rsatilmagan.
🥩 Go‘sht mahsulotlari (kolbasa va sosiska):
– “BAXT” XK (Samarqand) ishlab chiqarayotgan kolbasalarda ishlab chiqarish sanasi va saqlash muddati hamda mahsulotga qo‘shilgan tovuq terisining miqdori va o‘lchami yirikroq yozilmaganligi aniqlangan.
– “LAZZAT” XK (Toshkent) tomonidan ishlab chiqarilgan “Raduga”, “Egerskie” va “Sutli Extra” sosiska mahsulotlari qadog‘ida ishlab chiqarish sanasi, saqlash muddati va ishlab chiqarilgan partiyasi ko‘rsatilmagan.
– “SHAFFOF” (Buxoro) tomonidan ishlab chiqarilgan “Shaffof” nomli kolbasa mahsulotlari qadog‘ida ishlab chiqarish sanasi, saqlash muddati va mahsulot qadog‘ida ishlab chiqarilgan mahsulot partiyasi ko‘rsatilmaganligi aniqlangan.
🍦Muzqaymoqlar:
– “AGRO BRAVO” MChJ (Samarqand) va “KHOREZM HOLOD” XK (Xorazm) ishlab chiqarayotgan muzqaymoqlarda texnik reglament va partiya raqami ko‘rsatilmagan.
🍞 Non va bulochka mahsulotlari:
– “MUSHTARIY DISCOTTI” XK (Sirdaryo) ishlab chiqarayotgan “Bulochka” va “Baton” mahsulotlarida texnik reglament va partiya raqami mavjud emasligi aniqlandi.
✅ Raqobat qo‘mitasi tomonidan mahsulotlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqaruvchilarga va vakolatli organlarga 177 ta rasmiy xat yuborildi. Hozirda 46 ta ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha javob taqdim etdi, qolgan holatlar bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish borasida bu kabi tekshiruvlar doimiy ravishda olib boriladi. Xaridorlar aniq va ishonchli ma’lumotga ega bo‘lishi uchun mahsulotlarning qonuniy talablarga javob berishini ta’minlash ishlab chiqaruvchilarning burchidir. Qo‘mita bu masalada nazoratni kuchaytirib, zarur huquqiy choralarni ko‘rishda davom etadi.