Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobatni yanada rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo‘l ochish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorning rolini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-35-sonli Farmoni qabul qilindi.
Xususan:
Mazkur Farmon bilan eksklyuziv huquqlar taqdim etilishiga doir quyidagi talablar belgilandi:
endilikda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ma’lum bir yoki bir nechta korxonalarga va davlat tashkilotlariga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish, ish va xizmatlarini ko‘rsatish uchun ruxsatnoma, litsenziya asosida taqdim etilgan mutlaq huquq(lar) eksklyuziv huquq sifatida e’tirof etiladi;
eksklyuziv huquqlar berilgan korxonalar tovar, ish va xizmatlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadi;
2025 yil 1 apreldan boshlab eksklyuziv huquq korxonalarga O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga faqat quyidagi maqsadlar uchun beriladi:
konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, O‘zbekiston Respublikasida mudofaa qobiliyatini, davlat va jamoat xavfsizligini
hamda jamoat tartibini ta’minlash;
tabiiy ofatlar, halokatlar va epidemiyalarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish.
Ma’lumot uchun, bugungi kunga qadar eksklyuziv huquqlar berilgan ayrim korxonalarning tovar, ish va xizmatlari narxi davlat tomonidan tartibga solinmagan, mazkur huquq cheklanmagan muddatga taqdim etilgan.
Ushbu tartibning belgilanishi, raqobat rivojlangan va rivojlanishi mumkin bo‘lgan sohalarda ayrim korxonalarga eksklyuziv huquqlarning berilishini, shuningdek ular tomonidan iste’molchilarda taqdim etilayotgan tovar, ish va xizmatlarining narxlari keskin oshishining oldi olinadi.
Shuningdek, Farmon bilan eksklyuziv huquqlar berilgan korxonalarga nisbatan qo‘llaniladigan talablar belgilandi.
Endilikda eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning reyestriga kirgan korxonalarga oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi miqdoridan qat’i nazar quyidagi talablar qo‘llaniladi:
iste’molchilarning tovarni olishga bo‘lgan huquqlarini kamsitmaslik;
kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilamaslik;
shartnoma tuzishni asossiz ravishda rad etmaslik;
iste’molchilardan belgilangan narxdan ortiq haq olmaslik olmaslik.
Ushbu talablarning eksklyuziv huquqlar berilgan korxonalar tomonidan buzilishi ularga nisbatan ma’muriy va moliyaviy javobgarlik choralarining qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
O‘z navbatida, ushbu korxonalar tomonidan belgilangan talablarga qat’iy rioya qilinishi natijasida iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlari ta’minlanadi.
III. Shuningdek, Farmon bilan eksklyuziv huquq berilgan faoliyat yo‘nalishlarini o‘rganib borish tartibi belgilandi.
2025 yildan boshlab har yili:
1 aprelga qadar eksklyuziv huquq berilgan sohadagi vakolatli davlat organlari tomonidan Raqobat qo‘mitasi Reyestrga kirgan korxonalarning eksklyuziv huquqlarini bekor qilish yoki saqlab qolish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida takliflar kiritiladi;
1 mayga qadar eksklyuziv huquq berilgan sohadagi vakolatli davlat organlarining takliflari Raqobat qo‘mitasi tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda o‘rganib chiqiladi;
1 iyunga qadar Raqobat qo‘mitasi eksklyuziv huquqlarni bekor qilish yoki saqlab qolish maqsadga muvofiqligi yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
Ushbu tartibning belgilanishi natijasida korxonalarga berilgan eksklyuziv huquqlar doimiy ravishda o‘rganib borish, shuningdek raqobatli bozorni yaratish mumkin bo‘lgan, davlat va jamoat manfaatlariga daxl qilmaydigan sohalardagi eksklyuziv huquqlarni bosqichma-bosqich bekor qilish imkonini beradi.
Shuningdek, ushbu farmon bilan “O‘zInjiniring” loyiha instituti, “Milliy PR-markazi” DUK, “O‘zbekekspertiza” AJ, “Sag agro MTP” MCHJ va “O‘zbekiston standartlar instituti” davlat muassasasining tegishli faoliyat yo‘nalishidagi eksklyuziv huquqlari 2025 yil 1 apreldan boshlab bekor qilinishi belgilandi.
Mazkur korxonaning tovar va moliya bozorlardagi eksklyuziv huquqlari bekor qilinishi natijasida 1 200 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari uchun ushbu bozorlarga kirishda teng sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, ushbu farmon bilan Raqobat qo‘mitasiga 2025 yil
1 aprelga qadar eksklyuziv huquqlar berilishi nazarda tutilgan qonunchilik hujjatlarini xatlovdan o‘tkazgan holda Reyestr shakllantirish va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish vazifasi yuklatildi.
Ushbu vazifa ijrosining ta’minlanishi eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatilishiga imkon beradi.
Raqobat qo‘mitasi vakolatli davlat organi sifatida mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini izchil davom ettiradi.