O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Monopoliyaga qarshi qonunchilik va unga amal qilish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 2-martdagi 114-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.
Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad — monopoliyaga qarshi qonunchilikning dolzarb masalalari bilan tanishtirish, komplayens tizimini samarali joriy etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishdan iborat.
Unda Raqobat qo‘mitasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti mutaxassis va o‘qituvchilari tomonidan davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etishning ahamiyati va raqobat qonunchiligiga rioya qilish masalalari keng tushuntirildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar tomonidan o‘zlarining faoliyatlari davomida uchrayotgan muammolar, to‘siqlar va ularni bartaraf etish yuzasidan turli savol va takliflar o‘rtaga tashlanib muhokama qilindi.