O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqotida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va faol gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Belarus Prezidenti davlatimiz rahbarini Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutlab, O‘zbekistonga katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tiladi.
O‘zaro savdo hajmi oshib, tibbiyot, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda amalga oshirilayotgan loyihalar soni ko‘payib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yilning aprel oyida Belarusda O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi, may oyida Toshkent shahrida birgalikda suratga olingan kinofilm premerasi bo‘lib o‘tdi.
Ikki mamlakat yetakchilari tomonidan O‘zbekiston-Belarus hukumatlararo komissiyasi ishini faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy tashkilotlar, shu jumladan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlikka oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.