Raqobat qo‘mitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Fair tech” elektron platformasi ma’lumotlari tahlil qilinganda jami 4 ta holatda imtiyozli kreditlar asosida oilaviy tadbirkorlarga tovarlarni xarid qilish jarayonida ta’minotchilar, oilaviy tadbirkorlar hamda ayrim davlat xizmati xodimlari o‘rtasida til biriktirish va manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
O‘rganishlar davomida yuk mototransport vositalarining 359 ta xaridorlariga yetkazib beruvchilar soni 114 tani tashkil etgani, ularning markasiga qarab o‘rtacha bozor narxi 29,0 mln.dan 31,0 mln. so‘mgacha bo‘lgani, ammo 33,0 mln. so‘mdan yetkazib berilgani ma’lum bo‘ldi. Bu bozor narxiga nisbatan 2,0 -3,5 mln. so‘m qimmat ekanligi kuzatilgan.
Oilaviy tadbirkorlarga muzlatgichlar 16 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan yetkazib berilgan bo‘lib, xaridorlar soni 21 tani tashkil etgan. Muzlatgichlar ichki bozordagi o‘rtacha narxi 6,0 mln. so‘mni va kredit mablag‘lar hisobiga 7,5 mln. so‘mgacha narxda yetkazib berilgan. Narx tafovutlari 1,5 mln. so‘mgacha ekanligi kuzatilgan.
Bulardan tashqari, 123 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan jami 492 nafar oilaviy tadbirkorlar uchun tikuv mashinalarining har birini 1,3 mln. so‘mgacha qimmatroq narxda yetkazib berilgan. Aslida ularning hududdagi ichki bozor narxi 4,7-5 mln. so‘mgacha bo‘lgan.
Bunday qonunbuzilish holatlari nok, olma ko‘chatlari, baliq chovog‘lari realizatsiyasi va ko‘chma do‘kon xaridlarida ham aniqlandi.
Hududiy boshqarma tomonidan mazkur qonunbuzilish holatlari va ularni bartaraf qilish yuzasidan viloyat hokimligi, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentiga tegishli tartibda ma’lumotlar taqdim etildi.
Ma’lumot o‘rnida. Raqobat qo‘mitasi Markaziy bank bilan hamkorlikda Qo‘mitaning “Fair tech” axborot tizimi va Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi “Smart-market.uz” tizimlarida nazorat ishlarini yo‘lga qo‘ygan.