Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasida Qo‘mita rahbariyati A.Qayumov va F.Karabayev boshchiligida respublikamizda faoliyat yuritayotgan benzin importi savdosi bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan sohadagi mavjud tizimli muammolarni aniqlash va import imkoniyatlarni oshirish bo’yicha aniq takliflarni ishlab chiqishga bag’ishlangan “ochiq muloqot” o‘tkazildi.
Uchrashuvda sohada mavjud tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, xususan avtomobil benzini importini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan tadbirkorlar quyidagi muammolarni aytib o’tishdi.
1. Avtomobil benzini importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun banklar tomonidan ajratilgan kredit yuklamasi yuqoriligi.
2. Logistika narxlari yuqoriligi, Rossiyadan Keles chegarasigacha bo‘lgan masofa (1700 km) uchun bir tonnasi uchun 150 doll bo‘lgan bir paytda ichki temir yo‘l orqali tashish xizmati 8-10 km uchun 15-20 dollni tashkil etishi.
3. Import qilingan va Rossiya tomonidan benzin mahsuloti barcha standartlarga to‘g‘ri kelishi va sifati talabga javob berishi yuzasidan hujjatlar borligiga qaramay, respublikaga olib kirganda qo‘shimcha majburiy sertifikatlashdan o‘tkazish.
4. Import qilingan benzin mahsuloti uchun QQS to‘lovini to‘lash muddati qisqaligi.
5. Import qilish niyatida xorijiy davlatlarga pul mablag‘larini o‘tkazib berganda, ushbu mablag‘lar geosiyosiy vaziyatlardan kelib chiqib taqiqlarga tushib qolgan vaqtlarda mahsulot o‘z vaqtida yetib kelmasligi kuzatilgan. Ayni shu davrda mahsulot relizatsiya qilinmagan biroq mablag‘lar o‘tkazilganligi uchun soliqqa tortilishi holatlari.
6. Importyorlar katta hajmlarda benzin mahsulotini olib kirganda ularni saqlash uchun sig‘imlar mavjud emasligi hamda mavjud bo‘lgan sig‘imlar ijarasi qimmatligi.
7. Importyorlar Turkmaniston davlatidan benzin mahsulotini xarid qilish jarayoni juda ko‘p vaqtni talab qilishi, natijada aylanma pul mablag‘lari muzlab qolishi.