Toshkent shahar
Nuqsonli telefon sifatlisiga almashtirib berildi
Yaxshi niyatlar bilan iste’molchi 7 mln 947 ming 500 so‘mga “OrientSwiss Tashkent” MCHJ XKga (“ZOODMALL”) qarashli internet savdo maydonchasi orqali xarid qilgan uyali telefon bilan muammo yuzaga keldi. Servis xizmatida “Smartfon Apple iPhone” telefoniga ishlab chiqarishdagi nuqsoni borligi aniqlangan. Ammo shunga qaramay uni sifatlisiga almashtirish bo‘yicha qilingan murojaat sotuvchi tomonidan umuman qanoatlantirilmadi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga tushgan mazkur murojaat, Toshkent shahar hududiy boshqarma tomonidan “OrientSwiss Tashkent” MCHJni jalb etgan holda o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar davomida haqiqatan ham iste’molchi 12 oyga bo‘lib to‘lash sharti sotilgan uyali telefon apparati mutlaqo iste’molga yaroqsiz ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Aslida O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddada belgilanganidek, iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.
Natijada servis xizmatida telefondagi nosozlikni bartaraf etishning imkoni yo‘qligi sababli, yuqoridagilarga asosan sotuvchi kompaniya tomonidan telefon qurilmasini yangi va sifatlisiga almashtirib berildi.