Namanganlik iste’molchi M.I. Uychi tumanida faoliyat yuritayotgan savdo do‘kondan muddatli to‘lov asosida 5 mln 200 ming so‘mga sotib olgan muzlatgichi nosoz chiqdi. Iste’molchining do‘konga murojaatidan biron natija chiqmadi. Bir tomoni undan foydalana olmay har oyda kredit pulini to‘lash kerak bo‘lsa, ikkinchi tomondan yozning issiq kunida oziq-ovqat mahsulotlarini muzlatgichsiz saqlash imkoni ham yo‘qligi mazkur xonadonga birmuncha qiyinchilik tug‘dirgandi…
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasiga iste’molchi M.I.ning qilgan shikoyati kelib tushgach, bu masalaga oydinlik kiritildi.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda haqiqatan xarid qilingan muzlatgichning yuqori qismlari yaxshi ishlamayotganligi, ya’ni ishlab chiqarishdagi nuqsonga ega ekanligi ma’lum bo‘ldi. Tadbirkorga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning xuquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasida iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli ekanligi tushuntirildi. Ya’ni, sotuvchi tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish shart.
Shundan so‘ng iste’molchining nuqsonli muzlatgichi aynan shunday markali sifatli muzlatgichga almashtirib berildi.