Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi reklama sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishi va sohaning rivojlanishi uning tartibga solinishi yuzasidan tegishli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun va bir qator normativ huquqiy hujjatlarga asosan ushbu sohada asosiy qonunchilik talablari va me’yorlari belgilangan.
Qo’mita ushbu sohada reklama to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosini ta’minlovchi vakolatli organlardan biri hisoblanadi.
Qo‘mita tomonidan reklamalarni tayyorlash, joylashtirish va tarqatish jarayonlarida qonunchilik talablariga rioya etilishi, sohada mavjud muammolar yuzasidan muntazam o‘rganishlar o‘tkazib kelinmoqda.
Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan tahliliy o‘rganishlar jarayonida aniqlangan qonun buzilishi holatlari va ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, hududlar kesimida o‘tkazilayotgan tahliliy o‘rganishlarga misol tariqasida, Qo‘mitaning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan reklama yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.
O‘tkazilgan o‘rganish davomida ushbu reklama qonunchilika zid ravishda o‘zgacha tarzda joylashritilganligi aniqlangan.
Viloyati hududidagi YaTT Xaydarov Ulug‘bek Oybek o‘g‘liga tegishli ushbu reklama piyodalar yo‘lakchasiga joylashtirilgan. Ushbu reklamada “ARZON kitoblar, kanstovarlar, kopiya, bosmaxona va boshqa xizmatlar” hamda xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning telefon raqamlari berilgan va bu ochiq tarzda yurishga mo‘ljallangan yo‘lakdan foydalanib kelingan.
Ushbu holatda reklama o‘zboshimchalik bilan yozib qoldirilgan va keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilingan, shuningdek, ushbu reklamada iste’molchini xizmat turidan xabardor qilishda ma’lumotlar ham noto‘g‘ri berilganlik holatlari ma’lum bo‘ldi.
Hududiy boshqarma tomonidan ushbu aniqlangan holat yuzasidan, tadbirkor bilan o‘tkazilgan profilaktik suhbatda “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga ko‘ra, tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari): yer uchastkalariga, binolarning, inshootlarning yoki ular majmualarining sirtiga (tomiga, old tomoniga, devorlariga), ko‘priklarga va yo‘l o‘tkazgichlarga, jamoat transporti bekatlariga, shahar muhiti elementlariga (parkinglar, tumbalar, taksofonlarga va boshqalarga), muayyan hududdagi (shahar muhiti) tashqi infratuzilmaning boshqa obyektlariga o‘rnatilishi mumkinligi haqida va amaldagi talablar yuzasidan tushuntirish o‘tkazildi.
Qo‘mitaning ko‘rsatmasiga binoan ushbu noqonuniy e’lon qilingan reklamani bartaraf etilishi ta’minlandi.
Ma’lumot o‘rnida. Bugungi kunda Buxoro viloyati hududida 600 ga yaqin tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) mavjud.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Respublikamizning butun hududi bo‘ylab bu kabi nazorati va tahliliy o‘rganish ishlarini amalga oshirib kelinmoqda.