So‘nggi vaqtlarda mahsulot sifati hamda standart talablarga javob berishi bilan nom qozongan brend va logotiplarning boshqa korxona va tashkilotlar tomonidan “o‘g‘irlanishi” holatlari ham kuzatilmoqda. Bu esa raqobatning nohalol bo‘lishiga, isteʼmolchilar o‘rtasida o‘sha brend mahsulotlariga ishonchsizlikning shakllanishiga olib keladi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga asosan insofsiz raqobat xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgan, qonun hujjatlariga, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar, ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar deb eʼtirof etilgan. Mazkur Qonunning 13-moddasiga asosan insofsiz raqobat taqiqlangan.
Insofsiz raqobatda tovarni xo‘jalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) tovar belgisiga, firma nomiga o‘xshash bo‘lgan belgilarni o‘zining tovarlari, etiketkalari, o‘rovlarida joylashtirish mumkin emas.
Shu sababli, intellektual mulkni muhofaza qilish muhim vazifa hisoblanadi. Tadbirkorlar buni yaxshi anglagan holda huquqbuzilishi holatlariga duch kelganliklarida qonun yo‘li bilan o‘z huquqlarini himoya qilish uchun Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilmoqdalar.
Murojaatlar asosan, huquqiy himoyaga olingan tovar belgisini takrorlash, maxsulot qadog‘idan nusxa ko‘chirish orqali qalbakilashtirish va tovar belgilarini firma nomlarida ko‘rsatish holatlari bo‘yicha kelib tushmoqda.
Jumladan, “Societe des Produits Nestle S.A.” kompaniyasi (Shveysariya)ning muzqaymoq mahsulotlari ishlab chiqarish va uning savdosi bo‘yicha yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqilganda, unda “KIT KAT” tovar belgisi “Societe des Produits Nestle S.A.” kompaniyasiga tegishli ekanligi qayd etilgan. Ammo Samarqand shahrida joylashgan tadbirkorlik subyekti o‘sha tovar belgisiga o‘xshash “KIT KIT” tovar belgili muzqaymoq ishlab chiqarib sotgan va insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ygan.
Viloyatdagi ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan “ROTBAND” tovar belgisiga o‘xshash bo‘lgan “ROTBANT”, “NUTS” tovar belgisiga o‘xshash bo‘lgan “NATSS” tovar belgisidan foydalanish holatlari aniqlanib, amalga oshirilgan ishlar natijasida qonun buzilishi holatlari bartaraf etilgan.
Bundan tashqari, hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan ishlar natijasida firma nomlarida “AKFA” so‘zidan foydalangan 54 ta korxonaning, “ARTEL” so‘zidan foydalangan 5 ta korxonaning firma nomlarini o‘zgartirish choralari ko‘rildi.
Hududiy boshqarmaga tushgan murojaatlarni o‘rganish natijasi bo‘yicha qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan korxonalarga qonun buzilishi holatini to‘xtatish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatmalar berilib, tovar belgisi egasining intellektual mulk huquqlarining himoya qilinishi taʼminlandi.