Namangan viloyati, Norin tumanida yashovchi fuqaro B.D yangi koʻp qavatli uydan xonadon sotib olgan va ushbu xonadonida gaz, elektr va suv hisoblagichlari oʻrnatilmaganligidan norozi boʻlib Raqobat qoʻmitasining ishonch telefoni orqali qilgan murojaati Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan oʻrganib chiqildi.
Hududiy boshqarma tomonidan murojaatni oʻrganish davomida murojaatda keltirilgan koʻp qavatli uy Namangan shahar, Yuqori Gʻirvon MFY, Afsonalar vodiysi koʻchasida joylashgan boʻlib uni quruvchi “SAMO BUILD-14” MCHJ tomonidan sotilganligi aniqlandi. Namangan viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan olingan ma’lumotlarga koʻra koʻp qavatli uy loyiha hujjatlarida gaz, elektr va suv hisoblagichlari xarajatlari xonadon narxi ichiga kiritilganligi ma’lum boʻldi.
Yuqoridagilarga koʻra, hududiy boshqarma tomnidan “SAMO BUILD-14” MCHJ Oʻzbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 19,21,23 moddalariga zid ravishda ish tutgan deb topilib, korxona ma’muriyatiga mavjud tartib-qoidalari va uning natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natjasida koʻp qavatli uydan xonadon sotib olgan 100 ga yaqin iste’molchilarning xonadonlariga quruvchi tashkilot mablagʻlari hisobidan 254 530 000 soʻmlik hisoblagichlar oʻrnatilishiga hamda iste’molchilarning buzilgan huquqlari tiklanishiga erishildi.