FUQARONING PULLARI
QAYTARIB BERILDI
— Farg‘ona viloyatidagi yangi uylardan biriga to‘lov qilgan edim, 90 kun ichida qurilish bitkazilib, kvartira bizga topshirilishi kerak edi. Lekin o‘z vaqtida bitkazib berilmayapti…
A.Z. Farg‘ona viloyati
Nodiraxon RAHMONQULOVA,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi
Farg’ona viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassisi:
— Hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan murojaat o‘rganilganda, iste’molchi xonadonni 90 kun ichida bitkazilib, qabul qilib olish bo‘yicha shartnomani imzolagan. Biroq, belgilangan muddat kelganda qurilish ishlari yakuniga yetmaganligi bois fuqaro norozilik bildirgan. Xonadon uchun to‘langan pulni qaytarish so‘ralganida uning so‘rovi javobsiz qoldirilgani aniqlangan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari tomonidan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq amalga oshirilgan ishlar natijasida, mijozga 150 mln so‘m mablag‘ qaytarib berilishiga erishildi.
GAZ UCHUN ASOSSIZ
QARZDORLIK BEKOR QILINDI
— Doimiy ravishda gaz ta’minoti uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan bo‘lsamda, menga gaz ta’minoti bo‘yicha 1 600 000 so‘m miqdorida qarzdorlik chiqarildi. Menga amaliy yordam bersangiz.
A.R. Qarshi tumani
Shahnoza TOLIPOVA,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi
Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassisi:
— Hududiy boshqarmaning mas’ul xodimlari O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 21-moddasi 2-bandi, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 21-22-moddalari va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonuni 12-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati to‘g‘risida”gi Qonuni talablaridan kelib chiqib, o‘rganish va tahlil ishlarini olib bordilar.
O‘rganish natijasida murojaatchining xonadoni “Billingaz” dasturida abonent raqami B.S. nomida bo‘lib, xonadonda o‘rnatilgan “Osten-6” rusumli gaz sarfini hisoblash uskunasi o‘rnatilgan. Hisoblagich 2022-yilda qo‘yilgan bo‘lib, o‘z vaqtida dasturga qabul qilinmaganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 88-bandiga asosan hisob-kitob qilingani ma’lum bo‘ldi.
Natijada iste’molchiga asossiz yozilgan qarzdorlik “Billinggaz” dasturi hisobidan chiqarildi.
Hududiy boshqarmaga 7 oy davomida xuddi shu mazmunda kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish jarayonida iste’molchilar foydasiga 60 mln.ga yaqin miqdordagi mablag‘ qonuniy hal qilib berilgan.
Pokiza IDRISXON tayyorladi