Belarus Respublikasining Brest shahrida MDHga a’zo davlatlarning Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengashi (MSAP)ning 59 hamda Shtabning 45-yig‘ilishi doirasida Raqobat qo‘mitasi raisi Halilillo Turaxujayev Belarus Respublikasi Monopoliyaga qarshi tartibga solish va savdo vazirligi rahbari (MSAPga raislik qiluvchi) Artur Karpovich bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohalaridagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xususan, raqamli platformalarning ustun mavqei va ular faoliyatini samarali tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar, shuningdek raqobat muhitini sog‘lomlashtirish hamda bozor ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yana-da rivojlantirish, axborot va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda raqobat siyosatini zamonaviy tendensiyalar asosida takomillashtirish bo‘yicha kelishib oldilar. Uchrashuv do‘stona va ishonchli muhitda o‘tdi hamda kelgusida amaliy hamkorlik uchun muhim asos yaratdi.








