Gruziya Milliy raqobat agentligining taklifiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Xaitmetov Elmurat Sidikmatovich hamda Qonun hujjatlari va davlat organlari qarorlarining raqobat muhitiga taʼsirini hamda davlat ko‘magini samaradorligini baholash boshqarmasi boshligʼi Fayazov Ulug‘bek Nabijanovich joriy yilning 16-17 noyabr kunlari Tbilisi shahrida o‘tkazilayotgan “Raqobat va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishmoqda.
Ushbu xalqaro konferensiyada Gruziyaning Bosh vaziri, Parlamenti raisi, Tashqi ishlar vaziri, Iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri, Milliy raqobat agentligi raisi, Ozarbayjon Respublikasining Monopoliyaga qarshi kurashish va isteʼmol bozorini nazorat qilish davlat xizmati boshlig‘i, Litva va Moldova respublikalarining Raqobat kengashlari raislari, Shimoliy Makedoniyaning Raqobatni himoya qilish komissiyasi raisi, Аlbaniya Raqobat idorasi raisi, YuNKTАDning Raqobat va isteʼmol siyosati bo‘limi boshlig‘i, bir qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashish idoralari, biznes sektori vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
Konferensiya kun tartibiga muvofiq tadbir davomida raqobat siyosatidan tortib isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarigacha bo‘lgan asosiy masalalar va monopoliyaga qarshi kurashish hamda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasida fikr va tajriba almashish, shuningdek vakolatli organlar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish maqsad qilingan.
Shuningdek, konferensiyaning ikkinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan Gruziya Milliy raqobat agentligi o‘rtasida raqobat qonunchiligini qo‘llash sohasida o‘zaro anglashuv hamda hamkorlik to‘g‘risida memorandumni imzolash rejalashtirilgan.