“Oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir” Sh.M.Mirziyoev
Haqiqatdan ham bu boylikni asrab-avaylash, kelajak avlodga bor latofati bilan yetkazish har birimizning muqaddas burchimiz deb bilamiz.
Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” Respublika tanlovida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi vazirlik, idora, xoʻjalik birlashmalari oʻrtasida “Davlat tilida ish yuritish yoʻlga qoʻyilgan eng yaxshi tizim” deb e’tirof etildi hamda tanlov tashkiliy qoʻmitasi tomonidan 2-oʻringa loyiq deb topildi.
Oxirgi yillarda Davlat tilining oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha bir qator qarorlaru farmonlar qabul qilindi. Har bir vazirlik va idoralarda davlat tili boʻyicha mas’ullar – rahbar maslahatchilari lavozimi joriy qilindi. Oxirgi 2 yilda davlat organlari va xoʻjalik birlashmalarida davlat tiliga oid qonun hujjatlari ijrosi, qonunchilikni takomillashtirish borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasida ham bu borada qator ishlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma bosqich toʻliq oʻtishni ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 61-son qarorida 2023-yil 1-yanvargacha ish yuritishni Davlat tilida Lotin alifbosida yuritish belgilangan. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Sh.Sh.Sharaxmetov tashabbuslari bilan 2021-yilning oʻzidayoq birinchilardan boʻlib ish yuritish lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻtkazildi.
Vazirlar Mahkamasining 52-sonli qarori ijrosi yuzasidan esa qoʻmita tizimidagi 10 nafar rahbar va mas’ul lavozimga tayinlangan xodimlar Davlat test markazining imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtishib, davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatini olishdi. Yana 20 ga yaqin rahbar va mas’ul lavozimga tayinlangan xodimlar test sinovlarida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtkazildi. Qoʻmita tomonidan Davlat tilida ish yuritish yoʻnalishda yana koʻplab natijalarga erishildi.
Davlat tili rivoji masalasi hammamiz uchun muhim. Bu borada monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda qo’mita huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, Davlat tilining nufuzi va mavqesi qonun bilan mustahkamlanmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi jamoasini tabriklaymiz.
Barcha vatandoshlarga Oʻzbek tili bayrami kuni muborak boʻlsin!