O‘rnatilgan xalqaro hamkorlik doirasida, joriy yilning 10-13-oktyabr kunlari poytaxtimiz Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) bilan hamkorlikda “Raqobatbardoshlikni ta’minlashning adolatli bozor shartlari” loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ushbu xalqaro tadbir, hozirgi davr raqobat qonunchiligi va siyosatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taalluqli bir qator dolzarb masalalar muhokamalari, shu bilan birga tadbirga taklif etilgan soha vakillari, xalqaro hamda milliy ekspertlar tomonidan sohaga oid fikr, ko‘nikma va tajribalar almashish imkonini taqdim etuvchi maydon bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Mazkur loyihaning asosiy maqsadi – O‘zbekiston qonunchiligi va raqobat sohasidagi iqtisodiy siyosatni tahlil qilgan holda hukumat va tegishli davlat tashkilotlariga amaldagi samarali siyosatni qaysi jabhalarda davom ettirish kerakligi to‘g‘risida hamda mamlakat qonunchiligi va raqobat sohasidagi iqtisodiy siyosatni xalqaro ilg‘or tajribalarga muvofiq takomillashtirish bo‘yicha asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Ma’lumot uchun: Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) 1961-yilda iqtisodiy taraqqiyot va jahon savdosini rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan 38 ta a’zo davlatni o‘z ichiga olgan hukumatlararo tashkilotdir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8-iyun sanasida Qo‘mita tomonidan hamkor Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) ishtirokida “Raqobatbardoshlikni ta’minlashning adolatli bozor shartlari” loyihasining birinchi bosqichi yakunlariga bag‘ishlangan xalqaro tadbirda bir qator yurtimiz hamda xorijiy mamlakatlar ekspertlari, shuningdek vazirlik va idoralar rasmiy vakillari, mutaxassislari bevosita ishtirok etishdi.