Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi klasterlar tomonidan ushbu turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilishi va birja savdolarida narxlarni sun’iy oshishining oldini olish bo‘yicha nazorat o‘rnatilib, kunlik va oylik monitoring kuzatuvlari olib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Qo‘mita tegishli buyrug‘iga asosan “MIDASIATEX” MChJning 2024-yilning yanvar-iyungacha bo‘lgan faoliyati davomida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshirish ishlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tekshirish natijalariga ko‘ra, jamiyat tomonidan ushbu davrda 185.9 tn paxta tolasi mahsuloti to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotilganlik holatlari aniqlandi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilishi alomatlari bilan “MIDASIATEX” MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Ma’lumot uchun. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 29-bandiga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini o‘tkazib borishi belgilangan.