MANIPULYATSIYA HARAKATLARINI SODIR ETGANLIGI UCHUN “RAVSHAN-BOSIT HAMJIHAT SERVIS” MCHJga NISBATAN TEGISHLI TA’SIR CHORASI QO‘LLANILDI
Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi klasterlar tomonidan ushbu turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilishi va birja savdolarida narxlarni sun’iy oshishining oldini olish bo‘yicha nazorat o‘rnatilib, kunlik va oylik monitoring kuzatuvlari olib borilmoqda.
Qo‘mitaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar natijasida “RAVSHAN-BOSIT HAMJIHAT SERVIS” MCHJ tomonidan 2024-2025-yillarda yuqori likvidli paxta yog‘i mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali sotib yuborilganlik holatlari aniqlandi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 29-moddasida “Birja savdolarini o‘tkazish chog‘ida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar, shu jumladan, savdolarni o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish;
faqat birja savdolariga qo‘yish yo‘li bilan sotilishi lozim bo‘lgan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlar hajmlarini birja savdolariga qo‘ymasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish taqiqlanadi deb ko‘rsatilgan.»
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Namangan viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “RAVSHAN-BOSIT HAMJIHAT SERVIS” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.








