Kontrafakt va qalbaki mahsulotlar o‘rtasidagi farqlar
Zamonaviy jamiyat firibgarlik va noqonuniy mahsulot ishlab chiqarish muammosiga tobora ko‘proq duch kelmoqda. Shubhasiz, qonun doirasidan tashqarida ishlab chiqarilgan va sotiladigan har bir narsa adolatsiz raqobatning o‘sishini rag‘batlantiradi va iste’molchiga,umuman olganda mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin. Shu bilan birga noqonuniy sotilgan tovarlarga nisbatan “kontrafakt” va “qalbaki” (“soxtalashtirish”) kabi tushunchalar ishlatilishini ham bilish muhimdir. Ko‘pchilik uchun ushbu tushunchalar maэno jihatidan o‘xshash bo‘lishi mumkin, ammo ular sinonim emas. Maqola davomida ushbu tariflardan foydalanish amaliyotini tushunamiz va asosiy farqlarni aniqlaymiz.
Kontrafakt
“Kontrafakt” – atamasi har qanday shaxsning intellektual mulk huquqlarini buzgan holda ishlab chiqarilgan barcha mahsulotga tegishli. Kontrafakt ishlab chiqaruvchilar taniqli brendlar va logotiplarni qonuniy brend egasi tomonidan ishlab chiqarilmaydigan soxta mahsulotlarga joylashtirish orqali xaridorlarni yo‘ldan ozdiradi. Ushbu mahsulotlar xavfsiz va o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin, ammo ularni ishlab chiqarish va sotish noqonuniy hisoblanadi.
Qonunchilik darajasida kontrafakt mahsulot O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustdagi 267-II-sonli “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida” va 2006-yil 20-iyuldagi O‘RQ-42-sonli “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunlarшda keltirilgan.
Jumladan, 267-II-sonli Qonun 27-moddasida, “Tovar belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan tovarlarda, tovarlarning etiketkalarida, o‘rovlarida qonunga zid ravishda foydalanilganda ular soxtalashtirilgan (kontrafakt) bo‘ladi”;
O‘QR-42-sonli Qonuni 62-moddasida, “Asarlarning va turdosh huquqlar ob’ektlarining takrorlanishi yoki tarqatilishi mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan holda amalga oshiriladigan nusxalari kontrafakt nusxalardir. Ushbu Qonunga muvofiq muhofaza qilinadigan asarlarning va turdosh huquqlar ob’ektlarining bunday asarlarni va turdosh huquqlar ob’ektlarini muhofaza qilish to‘xtatilgan yoki hech qachon muhofaza qilinmagan davlatlardan huquq egalarining roziligisiz import qilinadigan nusxalari ham kontrafakt nusxalardir” deb keltirilgan.
Ko‘p holatlarda kontrafakt mahsulotlar asl mahsulot sifatiga mos ravishda ishlab chiqariladi, bu firibgarlarga ularni ko‘p miqdorda sotish va shu bilan iste’molchini aldashga imkon beradi.
Qalbakilashtirish
“Qalbakilashtirish” tushunchasi O‘zbekiston Respublikasining 30.08.1997-yildagi 483-I-sonli “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni 2-moddasida berilgan, “Oziq-ovqat mahsulotini qalbakilashtirish — oziq-ovqat xomashyosining hamda oziq-ovqatlarning xossalari va mezonlarini ataylab o‘zgartirish yoki ularni almashtirib qo‘yish”.
Bundan kelib chiqadiki, ataylab o‘zgartirilgan oziq va nooziq-ovqat mahsulotlari, materiallar va mahsulotlar qalbakilashtirilgan deb tan olinadi. Yashirin fazilatlar va xususiyatlarga ega mahsulotlar ham qalbaki bo‘ladi. Masalan, ushbu toifaga ma’lumotlar to‘liq bo‘lmagan yoki ishonchsiz bo‘lgan mahsulotlar kiradi.
Iste’molchi uchun qalbaki mahsulotni ajratib olish imkoni kontrafakt mahsulotga qaraganda ancha osonroq bo‘ladi. Odatda qalbaki mahsulot ishlab chiqaruvchilar asl brend, logotip yoki mahsulot dizaynining ba’zi ko‘rinish va xususiyatlarini o‘zgartiradi, xolos.
Qalbaki mahsulotlardan o‘zingizni saqlang!
Sotib olishdan oldin o‘ylab ko‘ring
Haqiqatdan yiroq takliflar ko‘rinadigan bo‘lsa, demak siz aldanishga duch kelishingiz mumkin. Asl dizaynerlik buyumlarning narxlari kamdan-kam hollarda pasaytiriladi, shuning uchun foydali xarid qilayotganingizga ishonib shoshilmang.
Mahsulotni diqqat bilan o‘rganing
Mahsulot nomi va tavsifining yozilishi va grammatikasi, shuningdek, qadoqlash sifati va grafik chiziqlarining aniqligini tekshiring.
Ishonchli do‘konlarda xarid qiling
Internet orqali buyurtma bergan bo‘lsangiz ham, internet do‘kon sahifasida joylashtirilgan sharhlar va fotosuratlarni tekshirishga harakat qiling. Ular yordamida do‘kon haqida va u qanday mahsulotlar sotishi borasida ko‘p narsalarni bilib olishingiz mumkin.
Yodda tuting
Qalbaki yoki kontrafakt tovarlarni sotganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Soxta mahsulotlarni sotib olganingizda, siz jinoyatni moliyalashtirishga yordam berishingiz va sog‘lig‘ingizga xavf solishingiz mumkin.