Malaka oshirishda yangi bosqich: Markaz tomonidan tizimli o‘quv kurslari tashkil etilmoqda
Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan davlat organlari, tijorat banklari, farmatsevtika tashkilotlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlari uchun tashkil etilgan qator amaliy o‘quv kurslari muvaffaqiyatli yakunlandi.
Mikrokreditbank xodimlari uchun o‘tkazilgan maxsus kursda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun, davlat xaridlari jarayonidagi raqobat qoidalari, tenderda insofsiz raqobat va kartel kelishuvlarni aniqlash mexanizmlari bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar berildi.
Davlat va xo‘jalik subyektlari vakillari uchun tashkil etilgan kursda monopoliyaga qarshi komplayens, raqamli platformalarda bozor hukmronligini tahlil qilish, birja savdolarida manipulyatsiya holatlarini aniqlash kabi zamonaviy yo‘nalishlar qamrab olindi.
Farmatsevtika sohasi uchun maxsus kursda dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilishda litsenziya talablari, referent narx shakllantirish, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablari va “FAIR TECH” axborot tizimida aniqlangan huquqbuzarlik holatlari muhokama etildi.
Barcha kurslar Qo‘mita mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalari olimlari va sohadagi yetakchi ekspertlar ishtirokida yuqori saviyada tashkil etildi.
Kurslar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Raqobat siyosatini amaliyotga joriy etish, sohaviy bilimlarni yangilash va malaka oshirishga qaratilgan bunday kurslar Markaz tomonidan tizimli ravishda tashkil etilmoqda.