Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha sohalar singari davlat boshqaruvi va inson resurslarini rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilab berildi. Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri – kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yo’lga qo’yish ekani ta’kidlandi. Xabaringiz bor, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish doimiy ravishda tashkillashtirilmoqda. Shu maqsadda Agentlik tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali —vacancy.argos.uz faoliyati yo’lga qo’yilgan. Ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni munosib kadrlar bilan to’ldirish uchun “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat ko’rsatib kelmoqda. 2021-yil 1-yanvardan boshlab respublikaning barcha davlat organlari, tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilib kelinmoqda. Davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilish va kadrlarning xizmat bo’yicha o’sib borishi bilan bog’liq faoliyatda nomzodlarni adolatli baholash, ular orasidan eng munosiblarini tanlashga qaratilgan meritokratiya tamoyili qo’llanilishi belgilab qo’yildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kadrlarni ishga olish masalasida doimiy hamkorlikda ish olib bormoqda. Ushbu hamkorlikning samarasi o’laroq, Qo’mitada o’tkazilgan ochiq tanlovlar orqali 2021-yil davomida jami 29 nafar xodim ishga olingan. Shulardan, 27 nafari erkaklar va 2 nafari ayollardir. 12 nafari 30 yoshgacha bo’lganlar, birinchi marotaba davlat fuqarolik xizmatiga kirganlar esa 4 nafarni tashkil etdi. O’z tizimidagi tanlov g’oliblari 10 nafar, boshqa tizimdan tanlov g’oliblari 19 nafarni tashkil etdi. Ochiq mustaqil tanlovlar o’tkazilishi davlat fuqarolik xizmatiga kirishda barcha fuqarolarning teng imkoniyatlardan foydalanishiga, davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant o’rinlarni malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlashga olib keladi. Qo’mita tomonidan bugungi kunda ham bo’sh ish o’rinlariga tanlovlar e’lon qilingan bo’lib, tanlov bosqichlari davom etib kelmoqda. Test jarayonida ishtirok etayotgan nomzodlar bu jarayonlar nechog’lik shaffof va oshkoralik bilan bo’layotganligini guvohi bo’ldilar.
Har qanday davlat, tashkilot yoki korxona o’z kelajagini, avvalo, salohiyatli kadrlar bilan belgilaydi. Boshqaruvda kadrlarning malakasi va xulq-atvoriga ko’ra to’g’ri tanlanishi har bir davlat va nodavlat tashkilotlarning yutuqlarini, shu bilan birgalikda mavqeini oshirishda asosiy omil hisoblanadi.
Marralar qanchalik baland olinmasin, islohotlar nechog’li istiqbolli bo’lmasin, vatanparvar, sidqidildan mehnat qiladigan, yuksak axloqli, fidoyi insonlarsiz ularni amalga oshirish imkonsiz.