O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumga hamda Qo‘mitaning ichki audit, korrupsiyaga qarshi komplayens va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasining 2020-yil 1-yarim yillik ish rejasiga asosan, Qo‘mita tizimi xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish maqsadida o‘quv seminarlari tashkil etish belgilangan.
Shunga ko‘ra, joriy yilning 28-aprel kuni Qo‘mitaning markaziy apparati, hududiy organlari va idoraviy mansub tashkilot xodimlari uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari Raxmonov Begzod Xasanovich va Ergashev Azamat Jo‘raxonovichlar ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurashish har birimizni burchimiz” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Seminarda korrupsion jinoyatlar kelib chiqishi va rivojlanishi, korrupsiyaga qarshi kurashga oid xalqaro standartlar tizimi va xorijiy davlatlar tajribasi bo‘yicha maʼruzalar qilindi. Tinglovchilar huquqiy nigilizm va korrupsiyaning salbiy oqibatlari hamda unga qarshi kurashish usullari haqida batafsil maʼlumotga ega bo‘lishdi. Shuningdek, “komplayens-nazorat” tizimining tushunchasi, tartibga solish asoslari va joriy qilish maqsadi hamda tarixi to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, o‘quv seminari davomida Qo‘mita raisi Sharaxmetov Shaxrux Shaturgunovichning sohada korrupsiyaga qarshi kurashish va unga barham berish yuzasidan yo‘llagan murojaati eʼlon qilindi.