“Kontrafaktsiz oy” oyligida 3000 xildagi kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasi aniqlandi.
2021-2022 yillarda respublika miqyosida o‘tkazilgan “Kontrafaktsiz oy” oyligi davomida 3000 xildagi kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasi aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Intellektual mulk departamentida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Bugun 15 fevral kunidan mamlakatimizda “Kontrafaktsiz oy» oyligi boshlangan bo‘lib, bu tadbirlar 15 martga qadar davom etadi.Undan ko‘zlangan maqsad respublika bo‘ylab kontrafakt mahsulotlar savdosiga qarshi samarali kurashishdir.
Sir emaski, mamlakatimiz ichki bozorida kontrafakt mahsulotlar uchrab turadi.
Kontrafakt o‘zi nima?
Kontrafakt mahsulot – bu intellektual mulk huquqlarini buzgan holda ishlab chiqarilgan va sotiladigan tovarlar.
Ta’kidlash lozimki, 2021-2022 yillarda respublika miqyosida o‘tkazilgan “Kontrafaktsiz oy” oyligi davomida 3000 xildagi kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasi aniqlandi.
2022 yil mobaynida 357 ta profilaktika tadbirlari amalga oshirilib, tadbirkorlik sub’ektlariga kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish va savdoga taklif etish javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida tushuntirishlar berildi. Tushuntirish va targ‘ibot ishlari davomida Kontrafakt mahsulotlar katalogi tarqatildi hamda ushbu kataloglarning elektron nusxalari maxsus platformaga joylashtirildi.
Shuningdek, fuqarolarga oziq-ovqat, farmasevtika hamda alkogol mahsulotlari haqidagi 10 000 dan ortiq kontrafakt mahsulotlar kataloglari tarqatildi hamda sanoat mulki muhofazasi portaliga kontrafakt mahsulotlar katalogining elektron nusxasi yuklandi. Shuningdek, ushbu kataloglarga yo‘naltiruvchi QR-kod yaratilib, maxsus bannerlarga joylashtirilgan holda respublika bo‘ylab 2100 dan ortiq nusxada aholi gavjum hududlarda joylashtirilishi ta’minlandi.
O‘tkazilgan matbuot anjumanida birinchi navbatda iste’molchilarda kontrafakt tovarni aslidan farqlash ko‘nikmasini hosil qilish maqsadida tushuntirish ishlari amalga oshirish zarurligi haqida fikrlar bildirildi.
Shu bilan birga, Adliya vazirligi tomonidan intellektual mulk sohasidagi muammolar, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar va huquqbuzarliklar yuzasidan kelgusida ta’sirchan choralarni qo‘llash rejasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining mas’ul xodimlari ishtirok etib, ular tomonidan Adliya vazirligining intellektual mulk sohasidagi muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Axborot xizmati