Murojaat va natija
KOMMUNAL SOHADAGI MUAMMOLAR IJOBIY HAL ETILDI
Farg‘ona viloyati
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy boshqarmalariga kommunal sohalar – elektr energiyasi, ichimlik suvi, gaz ta’minoti va issiqlik manbai borasida iste’molchilardan tushgan murojaatlar qisqa muddatda o‘z yechimini topmoqda.
Jumladan, qo‘mitaning Farg‘ona hududiy boshqarmasiga Bag‘dod tumanida yashovchi fuqaro S.N. elektr ta’minoti uchun 6 112 400 so‘m asossiz qarzdorlik hisoblanganligi yuzasidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Murojaat o‘rganilganda Bag‘dod tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimining o‘z ishiga mas’uliyatsizligi oqibatida asossiz qarzdorlik yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi.Ya’ni xonadonning elektr energiyasidan foydalanishi bo‘yicha tuzgan dalolatnomasi noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan va shu asosda jarima hisoblangan.
Hududiy boshqarmaning bergan ko‘rsatmasi bilan Bag‘dod tuman elektr ta’minoti korxonasi qayta hisob-kitobni amalga oshirganda murojaatchi haq bo‘lib chiqdi va 6 112 400 so‘m uning foydasiga hal etilishi ta’minlandi.
Namangan viloyati
Raqobat qo‘mitasining Namangan viloyati boshqarmasiga Pop tumanida yashovchi fuqaro K. J.dan tushgan gaz ta’minotiga tegishli murojaatdagi muammoga ham dalolatnoma tuzishdagi kamchiliklar sabab bo‘lgan.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan murojaat tuman gaz ta’minoti korxonasida atroflicha o‘rganib chiqildi. Barcha to‘lov ma’lumotnomalari birma-bir qayta hisob-kitob qilindi. Xonadondagi gaz hisoblagichni ko‘rsatkichlari ham qayd etildi. Gazdan foydalanish uskunasining sifatsizligi to‘g‘risidagi tuzilgan dalolatnoma ham o‘rganildi. Dalolatnomada gaz uskunasining standart talablariga javob bermasligi haqida vakolatli organlarning xulosasi berilmagan. Shundan so‘nggina asossiz qarzdorlik qaerdan kelib chiqqani ma’lum bo‘ldi. Aynan dalolatnomada yo‘l qo‘yilgan xatolik tufayli mazkur xonadonga asossiz 656 658 so‘m qarzdorlik keltirib chiqqani aniqlandi. Hududiy boshqarma sa’y-harakati bilan murojaatchiga hisoblangan 656 658 so‘m noreal qarzdorlik bekor qilinishi ta’minlandi.
Ma’lumot uchun. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018 yildagi 22-sonli ”Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 1 va 2-ilovalariga asosida mazkur murojaatlar ko‘rib chiqildi.