Xorazm viloyati Urganch tumanida istiqomat qiluvchi isteʼmolchi “Lacetti” rusumli avtomobil xarid qilish maqsadida viloyatdagi “Avto-Layner Xorazm” MCHJ rasmiy dilerlik tashkiloti bilan shartnoma tuzgan. Shartnoma shartlariga asosan avtomobil isteʼmolchiga 2022-yil 30-noyabr kuni yetkazib berilishi kerak boʻlgan. Mashina maʼlum sabablarga koʻra isteʼmolchiga muddatida yetkazib berilmagan va ikki tomon roziligi bilan shartnomaga qoʻshimcha kiritilib, 45 kunda mashina yetkazib berish kelishilgan. 45 kundan soʻng, yaʼni 2023-yil 15-yanvar kuni avtomashina yana yetkazib berilmagan va 4 kunga kechiktirib 19-yanvar kuni yetkazib berilgan. Bu holatdan norozi boʻlgan fuqaro S.T Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan oʻrganish ishlari olib borilib, Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga asosan shartnoma shartlari buzilgan deb topildi va “Avto-Layner Xorazm” MCHJ isteʼmolchiga kechiktirilgan 4 kun uchun neustoyka (penya) toʻlashi belgilandi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi 812-sonli qaroriga asosan isteʼmolchi avtomobilga qilgan toʻlovidan 3 472 196 soʻm QQS qaytarib berildi.