Mamlakatimizda huquqiy islohotlar shiddat bilan amalga oshirilayotganligini so’ngi yillarda normativ-huquqiy hujjatlarga inson va uning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan o’zgartirish va qo’shimchalar mazmun mohiyatidan ham ko’rishimiz mumkin. Zero, qonunlar jamiyat hayoti va demokratik taraqqiyot negizidir. Qonunlar, avvalo, jamiyat hayotining asosini yaratib, davlat va xalq manfaatlariga xizmat qiladi. Kasaba uyushmalari fuqarolik huquqiy munosabatning subyekti sifatida o’ziga xos tamoyillarga ega. Bu tamoyillarning asosiysi – kasaba uyushmasini tashkil etish erkinligidir. O’zbekiston Konstitusiyasining 59-moddasida “Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar. Kasaba tashkilotlariga a’zo bo’lish ixtiyoriydir”, deb belgilangan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasida ham Kasaba uyushmasi tashkil etilgan bo’lib, ish beruvchi korxonadagi kasaba uyushmasi orqali xodimlarning muammolarini aniqlab, ularni birgalikda bartaraf etishga muvaffaq bo’lib kelmoqdalar.
Monopoliyaga qarshi kurashish Qo’mitasi Kasaba uyushmasining 2021-yil yakunlari bo’yicha yig’ilishi bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi markaziy apparati hamda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mehnat jamoasi ishtirok etdi. Yig’ilishni Qo’mitasi raisi Sh.Sharaxmetov kirish so’zi bilan ochib berdi.
Yig’ilish kun tartibiga O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Kasaba uyushmasining 2019-2021-yillar davomida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisoboti, Qo’mitaga yangi Kasaba uyushmasi raisi, faollari, taftish komissiyasi a’zolari hamda g’aznachisini saylash, 2022-yil ish rejasi va boshqa masalalar qo’yildi. Qo’mita Kasaba uyushmasi raisi F.Ikramova 2019-2021-yillar davomida amalga oshirilgan ishlarga to’xtalib o’tdi. Tashkilotlarda xodimlarga berilayotgan turli imtiyoz va kafolatlar kasaba uyushmasi va ish beruvchi o’rtasida imzolanadigan jamoa shartnomasi orqali tartibga solinadi. Ish beruvchi tashkilotdagi kasaba uyushmasi tashkiloti orqali xodimlarning muammolarini aniqlab, ularni birgalikda bartaraf etish imkoniyatiga ega bo’ldi. Mehnat, xo’jalik, oila va fuqarolik qonunchiligi bo’yicha qonun hujjatlariga tayangan holda bepul huquqiy maslahatlar, xulosalar, bolalar oromgohlariga yo’llanmalar berildi, tashkilot kasaba uyushmasi tashabbusi va mablag’lari hisobiga bayramlar, ma’naviy-ma’rifiy va sport-sog’lomlashtirish tadbirlari, xodimlar o’rtasida turli musobaqalar, tanlovlarning o’tkazilishiga imkoniyat yaratdi.
Hisobotdan so’ng, Qo’mita raisi tomonidan Kasaba uyushmasi raisi F.Ikramovaga samarali faoliyati uchun minnatdorchilik bildirildi. Kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan to’xtalib, Kasaba uyushmasining eng muhim afzalligi – agar xodim kasaba uyushmasiga a’zo bo’lsa, muammolarni yakka o’zi emas, balki jamoa yordamida hal qilish imkoniyatiga ega bo’lishi aytib o’tildi.
Kasaba uyushmasi raisligiga qo’yilgan nomzodlar orasidan eng ko’p ovoz olgan Insofsiz raqobat amaliyotlariga, til biriktirishlar va kartel kelishuvlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig’i Atamurotov Sardorbek Baxromovich xodimlar tomonidan saylandi. Shuningdek, Kasaba uyushmasi faollari, taftish komissiyasi a’zolari hamda g’aznachisi saylanib, tanishtirildi. Xodimlar o’zlari ishonib saylagan kasaba uyushmasi raisi orqali tashkilotning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etadi, kasaba uyushmasi tashkiloti hamda ish beruvchi o’rtasida imzolanadigan jamoa shartnomasiga ishchi-xodimlar o’zlarining takliflarini berishlari, ushbu jarayonda bevosita ishtirok etishlari, imzolangan jamoa shartnomasi orqali qo’shimcha imtiyoz va kafolatlar olish huquqidan foydalanishlari mumkin. Yig’ilish davomida xodimlar ana shunday imkoniyatdan foydalanib, 2022-yil rejasi uchun o’z takliflarini bildirdilar.Xodimlarni baxtsiz xodisa va kasb kasalliklariga chalinishlardan muhofaza qilish maqsadida ish beruvchi o’z hisobidan xodimlarni majburiy sug’urta qildirish, xodimlar uchun madaniy-ma’rifiy va sport muassasalarida madaniy, intellektual saviyasini oshirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishi, turli aksiya, ko’rik-tanlov, musobaqa, forum, oilaviy va jamoaviy spartakiadalarda qatnashish, teatr va konsertlarga imtiyozli chiptalarni olish, ichki turizm, mehnat muxofazasi va boshqa ko’plab masalalarda barcha imkoniyatlarni ishga solamiz –dedi yangi saylangan Kasaba uyushma raisi S.Atamuratov.
Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, kasaba uyushmalari o’z a’zolari va faollari hayotini yanada mazmunli o’tishi uchun beminnat xizmat qiladi.