Joriy yilning 31-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida “Kartellarga qarshi kurashishda javobgarlikni yumshatish dasturlarini qo‘llash amaliyoti (Leniency Programme)” mavzusida seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Jahon banki hamkorligidagi “Institusional salohiyatni oshirish” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tgan seminarda O‘zbekistonda Leniency dasturini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha xalqaro ekspert Liya Grauberger ishtirok etdi.
Taqdimot chog‘ida AQSh, Germaniya va Yaponiya kabi davlatlarda muvaffaqiyatli joriy etilgan Leniency dasturlarining huquqiy va institusional mexanizmlari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Janubiy Koreya tajribalariga doir ma’lumotlar asosida, O‘zbekistonda mazkur dasturni joriy etish bo‘yicha dastlabki taklif va g‘oyalar ilgari surildi.
Tadbirda Qo‘mitaning markaziy apparati rahbarlari va mutaxassislari faol ishtirok etib, mavzu yuzasidan atroflicha muhokamalar olib borishdi. Taqdimot O‘zbekistonda sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va kartellarga qarshi samarali, shaffof hamda xalqaro standartlarga mos mexanizmlarni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi.