2025-yil 22-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Jahon banki hamkorligida amalga oshirilayotgan “Institusional salohiyatni oshirish” loyihasi doirasida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida “Kartellarga qarshi kurashda javobgarlikni yumshatish dasturlari (Leniency Programme)” mavzusidagi taqdimotning ikkinchi bosqichi o‘tkazildi. Tadbirni xalqaro ekspert Liya Grauberger olib bordi.
Ekspert AQSh, Germaniya, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Koreya Respublikasi tajribalaridagi ilg‘or elementlar asosida O‘zbekiston sharoitida Leniency dasturini joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etdi. Mazkur takliflar milliy “Leniency dasturi bo‘yicha qo‘llanma”ni ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir kartellarga qarshi kurashishning zamonaviy va samarali mexanizmlarini yaratish yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.








