Raqobat qo‘mitasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasida “Kartellar bilan kurashda javobgarlikni yumshatish dasturini joriy etishning xalqaro amaliyoti (Leniency Programme)” dasturiga bag‘ishlangan bir kunlik seminar tashkil etildi. Seminar Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Institusional salohiyatni oshirish” (“Capacity Building”) loyihasi doirasida o‘tkazildi. Unda Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyati hududiy organlarining xodimlari ishtirok etishdi.
Seminarni O‘zbekistonda Leniency dasturini ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanayotgan xalqaro ekspert Liya Grauberger olib bordi. Birinchi qismda u AQSh, Buyuk Britaniya va Koreya Respublikasi tajribalarini taqdim etdi. Bu tajribalar «Leniency” dasturlari izchil amalga oshirilganda va milliy sharoitga moslashtirilganda qanchalik samarali ekanini namoyish qildi.
Xalqaro amaliyotda «Leniency” dasturi kartellarga qarshi eng samarali vosita sifatida tan olingan, chunki u kelishuv ishtirokchilari o‘rtasidagi ishonchni yo‘q qiladi va ularning o‘zini himoya qilishga bo‘lgan intilishini qonunbuzarliklarni fosh etish hamda bartaraf etishga xizmat qiluvchi asosiy omilga aylantiradi.
Ikkinchi qismda esa ishtirokchilar interaktiv amaliy mashg‘ulot(Workshop)da qatnashib, O‘zbekiston uchun «Leniency”dasturini ishlab chiqish bo‘yicha o‘z takliflarini tayyorladilar. Shu orqali ma’lum bo‘ldiki, sohada xalqaro tajriba muhim yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qiladi, biroq u milliy qonunchilik, madaniyat va mentalitet xususiyatlariga moslashtirishni talab qiladi.