Joriy yilning 26-iyun kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari F.Karabayev Namangan viloyatida navbatdagi sayyor qabulini o‘tkazdi.
Pop tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda tuman hokimi o‘rinbosari ham ishtirok etib fuqarolar va tadbirkorlarning murojaat va takliflari tinglandi, shuningdek tumandagi tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan yuridik shaxslar bilan joyida o‘rganishlar o‘tkazildi.
Mazkur qabul davomida jismoniy va yuridik shaxslar suv ta’minoti, elektr energiyasi va gaz normalari masalalari hamda savdo sohasidagi kamchiliklar to‘g‘risida o‘zlarining murojaatlarini yo‘lladilar.
Ushbu sayyor qabul o‘tkazilishidan maqsad fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqot qilish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va faoliyat yuritishda amaliy ko‘mak berish va ularni qiynab kelayotgan yoki yechimini topmayotgan muammolarini o‘rganish hamda ularni o‘z vaqtida hal qilish.
Qabul davomida 20 dan ortiq murojaatlari tinglandi. Jumladan, “LANKAVER LUX” MChJ vakilining paxta yog‘i, paxta shroti va sheluxa mahsulotlari bozorida muommolar mavjudligi sabab bozorni erkinlashtirish, “POP SEMENT” MChJ vakilining sement mahsulotlarini birjada sotilish yuzasidan murojaat va takliflari tinglandi. Fuqarolardan, F.Norqo‘ziyevning ichimlik suvi sifati yuzasidan, N.Nazarova gaz ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanganligi, M.Rahmatova yashash hududida elektr kuchlanishi pastligi bo‘yicha murojaatlari eshitildi va har bir murojaat bo‘yicha aniq mas’ul belgilanib joyiga chiqib o‘rgangan holda yechimi bo‘yicha anik choralar belgilandi.
O‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlaridan kelib tushgan murojaatlarga aniqlik kiritish va o‘z o‘rnida yechimini topishi maqsadida joyiga borgan holda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.