Joriy yilning 13-15-may kunlari Surxondaryo viloyatida “Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi” DUK rahbariyati va Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi mas’ullari, reklama sohasida faoliyat yurituvchi mahalliy tadbirkorlik subyekti vakillari ishtirokida o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur seminarda bugungi kunda tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlar yaratilayotganligi, sohaga oid munosabatlar raqamlashtirilganligi hamda bu borada “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi joriy etilganligi ta’kidlanib, elektron tizimdan foydalanish amaliyotda ko‘rsatib berildi. Bundan tashqari, murojaatlarni yuborish va ko‘rib chiqish tartibi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Tadbirkorlarning tashqi reklama joyining pasportlarini rasmiylashtirish, joylashtirish va o‘rnatish, belgilangan narxlar hamda bankomatlarga qo‘yiladigan reklamalar tartibi haqida berilgan o‘ndan ortiq savol, muammo va takliflarga mutaxassislar tomonidan to‘liq javoblar berildi.
Tadbirlar doirasida ishchi guruhi viloyat hokimligi bilan hamkorlikda Termiz shahar, Termiz tuman, Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlarida tashqi reklama axborotlarining qonunga muvofiqligi yuzasidan monitoring va tahlil ishlari amalga oshirildi.
Xususan, mazkur tumanlar hududida qonun talablariga zid ravishda o‘rnatilgan jami 21 ta tashqi reklama vositalari qonunchilik talablariga muvofiqlashtirildi.