Joriy yilning 1-avgust kuni Qo‘mita raisi boshchiligida joriy yilning o‘tgan vaqtida amalga oshirilgan ishlar va bundan keyingi bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda joriy yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi. Unda Qo‘mita markaziy apparati, tizim tashkilotlari hamda 14 ta hududiy organ rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Rais o‘rinbosari F.Karabayev o‘tgan vaqt davomida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida Qo‘mita raisi hududiy organ rahbarlarini normativ huquqiy hujjatlarning raqobatga ta’siri baholash yuzasidan amalga oshirilgan ishlari qoniqarsizligini tanqid qildi va ular ustidan qat’iy nazoratni kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.
Shuningdek, davlat xaridlari sohasidagi faoliyat tahlili davomida ko‘plab hududlar tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi aniqlanib, davlat xaridlarini raqobat bo‘yicha nazorat qilish yo‘nalishida muammolar mavjudligi qayd etildi.
Insofsiz raqobat va til biriktirishlar, kartellarga qarshi kurash yo‘nalishida ham yetarli darajada ish tashkil etmayotgan hududlar ogohlantirib o‘tildi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida ham bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilanib, nomuayyan doirada iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish zaruriyati alohida belgilab o‘tildi.
Shu bilan birga, Qo‘mita raisi barcha darajadagi rahbarlarni funksional vazifalarni o‘z vaqtida va belgilangan talablar asosida to‘liq ijro etilishini ta’minlash masalasiga alohida urg‘u berdi. Ijro intizomini qat’iy va shartsiz ta’minlash maqsadida barcha darajadagi Qo‘mita tizimi xodimlari «Temir intizom» asosida ish tashkil etishi va ularning ijrosi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilishi lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, Qo‘mita raisi mazkur jarayonda har bir rahbar shaxsiy javobgarlikni to‘liq his etishi zarurligini aytib, qat’iy ogohlantirish berdi.
Bundan tashqari, tizimning kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab berildi. Hamda boshqa yo‘nalishdagi kamchiliklarga ham to‘xtalib, yil yakunigacha qat’iy ish rejimida ishlash, asosiy funksional vazifalarni so‘zsiz ta’minlab borilishi belgilandi.
Qo‘mita raisi yig‘ilish yakunida
«Xodimlarning o‘z ustida tinimsiz ishlashi, eng avvalo, barchaning jonkuyarligi zarurligi, xalqimiz manfaatlari va huquqlarini himoya qilishda qat’iy va ortga qaytmas ish rejimida ishlashi barchaning birinchi o‘rindagi maqsadi va vazifasi bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, aynan shundagina Qo‘mitaning davlat va jamiyat oldidagi vazifasi bajarilib, ishlar samarali va tizimli tashkil etilishini» alohida ta’kidlab o‘tdi.