Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Jizzax viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning 2019-2021 yillarda iste’molchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi bo’yicha tariflarning qanchalik to’g’ri qo’llanilganligi yuzasidan o’rganish o’tkazildi.
O’rganish jarayonida “Jizzax HETK” AJ tomonidan viloyatdagi diniy tashkilotlarga, shu jumladan, masjidlarga 2019-2021 yillarda elektr energiyasi uchun belgilangan tariflar noto’g’ri qo’llanilganligi aniqlangan.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 avgustdagi “Din sohasidagi ma’naviy-ma’rifiy, ta’lim ishlari va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy ko’mak va imtiyozlar berish to’g’risida”gi 364-son qarori va 2003 yil 10 sentabrdagi 525-F-sonli Farmoyishida O’zbekiston Respublikasi hududidagi diniy tashkilotlarga 2003 yilning 1 sentabridan boshlab ularga ko’rsatiladigan kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiqlik energiyasi, elektr energiyasi, telefon, oqova suv va maishiy chiqindilarni tashish)ga to’lovlarni aholi uchun belgilangan tariflar bo’yicha to’lanishi qayd etilgan. SHunga qaramay, “Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan ushbu qaror talablari bajarilmaganligi natijasida 2019-2021 yillar mobaynida masjidlardan jami 58289,3 ming so’m ortiqcha mablag’ olinganligi aniqlangan.
Bugungi kunda Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Jizzax HETK” AJ tomonidan noto’g’ri hisoblangan 58 289,3 ming so’m mablag’lar masjidlarga qayta hisob-kitob qilish ishlari amalga oshirildi.