Raqobat qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasiga “Jizzax sement plant” MChJning o‘ziga nisbatan gaz ta’minot korxonasi tomonidan tabiiy gaz yetkazib berishda tariflarning noto‘g‘ri qo‘llanilgani yuzasidan murojaati kelib tushgan.
O‘rganishlar davomida mazkur murojaatda keltirilgan holatda amaldagi qonunchilik talabiga zid ravishda cheklangan tariflar noto‘g‘ri qo‘llanilgani oqibatida MChJga 853 mln 200 ming 600 so‘m qarzdorlik hisoblangani aniqlandi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-noyabrdagi PQ-3379-son qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va ayrim xizmatlar ko‘rsatuvchi iste’molchilarga Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 633-son qaroriga asosan 1 kub/m gaz narxi 1000 (bir ming) so‘m qilib belgilangan.
Ushbu narx chekloviga rioya qilinmasligi natijasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 239-sonli qarori bilan “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni shakllantirish, dekloratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qo‘llanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” talablarini buzish oqibatida tabiiy gaz iste’molchisi bo‘lgan “Jizzax sement plant” MChJga “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali tomonidan 2022-yil 12-avgust kunidan 31-avgust kunigacha 284 4002 kub/m iste’mol qilingan tabiiy gazga (1300 so‘mdan) 3 697 202 600 (uch milliard olti yuz to‘qson yetti million ikki yuz ikki ming olti yuz) so‘m hisoblangan. Buning natijasida sakkiz yuz ellik uch million ikki yuz ming olti yuz so‘m ortiqcha qarzdorlik kelib chiqqan.
Yuqoridagi holat bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori talablarida ish qo‘zg‘atilib, ortiqcha olingan mablag‘larni “Jizzax sement plant” MChJ foydasiga qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha maxsus komissiyaning qarori qabul qilinib, bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berildi.
Mazkur ko‘rsatma belgilangan muddatda bajarilmaganligi sababli hududiy boshqarma tomonidan Jizzax tumanlararo Iqtisodiy sudiga “Jizzax sement plant” MChJ manfaatida “Hududgazta’minoti” AJ – “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filialiga 853 200 600 so‘m mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish majburiyatini yuklash va jarima undirish bo‘yicha murojaat qilindi.
Sud ishni ko‘rib chiqib, Qo‘mitaning ko‘rsatmasini qonuniy deb topdi: ushbu amalga oshirilgan ishlar natijasida “Hududgazta’minoti” AJ tomonidan “Jizzax sement plant” MChJ foydasiga 900 mln so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.