Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasida jamoatchilik bilan ochiq muloqot o‘takazildi. Unda Qo‘mita rais maslahatchisi O.Usmanov, hududiy boshqarma boshlig‘i v.b. Q.Yuldashev va boshqa tegishli tashkilot vakillari hamda 10 ga yaqin ommaviy axborot vositalari, blogerlar ishtirok etishdi.
Unda jismoniy va yuridik shaxslardan 20 ga yaqin murojaatlar qabul qilindi. Ochiq muloqotda E.Jo‘rabekov Boyovut tumanida joylashgan savdo do‘konlari (noturar bino)ning kadastr hujjati yo‘qligi sababli, 10 kun davomida elektr ta’minotidan uzib qo‘yilgani va O.Najimovning xususiy klinikalar va ularda ko‘rsatilayotgan xizmatlar, narxlari haqida va bir qator murojaatlar qabul qilindi. Ushbu murojaatlar yechim topishi borasidagi ishlar nazoratga olindi.
Shuningdek, tadbirda Qo‘mita ochiqligini ta’minlash yuzasidan e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ko‘lamini kengaytirish va dolzarbligini ta’minlash yuzasidan OAV vakillari va blogerlarning taklif hamda tavsiyalari tinglandi.
Murojaatchilardan O.Ahmedovning ikki yil davom etgan uy-joy muammosi yechib berilgani, N.Ummatov “XOVOS TUMANI YO‘LLARDAN FOYDALANISH” DUKning gaz bo‘yicha 130 mln so‘mdan ortiq asossiz qarzdorligi va S.O‘rolovaning foydalanishga topshirilgan uyning ta’mirtalabligi bo‘yicha murojaatlari qisqa vaqtda ijobiy yechim topganligi uchun hududiy boshqarmaga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Ma’lumot o‘rnida. Sirdaryo hududiy boshqarmasiga 2023-yilda jismoniy va yuridik shaxslardan jami 1000 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, 170 mingdan ortiq iste’molchilarning huquqlari tiklangan vа ular hisobiga 3 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.